Janubiy Koreya sobiq prezidentining rafiqasi hibsga olindi

Janubiy Koreyada sud mamlakat sobiq prezidenti Yun Sok Yolning turmush o‘rtog‘i Kim Kon Xini hibsga olishga order berdi. Bu haqda CNN axborot agentligi ma’lum qildi.
U poraxo‘rlik, aksiyalar narxini manipulyatsiya qilish va siyosiy nomzod tanloviga noqonuniy aralashishda gumon qilinmoqda.
Prokuror Min Chung Gi boshchiligidagi tergov guruhi o‘tgan hafta Kimni yetti soat davomida so‘roq qilganidan so‘ng hibsga olishga qaror qildi. U hozirda Seul janubidagi qamoqxona markazida saqlanmoqda, eri esa boshqa muassasada jazoni o‘tamoqda.
Tergovchilar ma’lumotiga ko‘ra, Kim va Yun 2022-yilgi parlament qo‘shimcha saylovida muayyan nomzodni ilgari surish uchun konservativ «Xalq kuchi» partiyasiga bosim o‘tkazgan bo‘lishi mumkin.
Yun prezidentlik davrida rafiqasiga oid barcha tekshiruvlarni asossiz siyosiy hujum sifatida rad etib kelgan. Kim va Yunning bir vaqtda hibsga olinishi Janubiy Koreya tarixida ilk marotaba yuz berdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreya sobiq prezidenti tergovdan bosh tortgan edi.