To‘qimachilik sohasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha «dolzarb yuz kunlik» e’lon qilindi

Respublika bo‘ylab tadbirkorlarning muammo va takliflarini hal etish maqsadida bugundan «dolzarb yuz kunlik» e’lon qilindi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum bo‘ldi.
Yig‘ilishda mamlakat iqtisodiyotining 3 foizini, sanoat mahsulotining 14 foizini ishlab tashkil qilayotgan to‘qimachilik tarmog‘ini rivojlantirish va muammolarini hal etish masalalari muhokama qilindi.
So‘nggi besh yilda tarmoqda $3,5 mlrdlik 396 ta yirik korxona ishga tushirilgan, ishlab chiqarish hajmi $10 mlrdga yetgan. Sektor 500 mingdan ortiq odamni ish bilan ta’minlab, sanoatda band aholining 20 foizini tashkil etadi. Shu bilan birga, sohada ishlab chiqarish va eksport sur’atlari pasaygani ta’kidlandi.
Prezident xalqaro bozorda paxta narxlari 2022-yildan buyon ikki baravarga tushgani klasterlar uchun katta muammo bo‘layotganini qayd etdi. Ayrim tadbirkorlar davlatning arzon resurslari hisobidan paxta savdosida spekulyatsiya qilayotgani tanqid qilindi.
Hozirda to‘qimachilik korxonalarining tijorat kreditlaridan umumiy qarzi $2,2 mlrdni tashkil etadi, kreditlarning 90-95 foizi xorijiy valyutada. Sanoat korxonalarining atigi 16 foizida xalqaro sertifikat bor.
Yig‘ilishda prezidentning topshirig‘iga binoan, 200dan ortiq tadbirkorlarning taklif va muammolari o‘rganilgani, ularni hal etish uchun bugundan boshlab to‘qimachilikda «dolzarb yuz kunlik» boshlanishi e’lon qilindi.
Qabul qilingan chora-tadbirlar quyidagilarni ta’minlaydi:
- Ahvoli og‘ir korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish va tannarxni kamaytirish;
- Klasterlar qarzini garov evaziga 5 yilgacha uzaytirish va faqat asosiy qarzni to‘lash imkoniyati;
- Foizlar asosiy qarz to‘liq qoplangandan so‘ng undiriladi. Bu orqali yiliga 800 mlrd so‘m mablag‘ klasterlarda qoladi;
- Qarzni o‘z vaqtida to‘laganlarga foizning yarmi qaytariladi;
- 2022/2023-yil hosili uchun olingan kredit bo‘yicha 377 mlrd so‘m penya bekor qilinadi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston AQShdan paxta importi masalalarini muhokama qilgani haqida yozgandi.