Chevrolet Tracker avtomobilining qanday kamchiliklari bor

13-avgust 2025 17:45 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Chevrolet Tracker
Chevrolet Tracker / Foto: Samijon Juraqulov / Kursiv Uzbekistan

Chevrolet Tracker – UzAuto Motors zavodidan chiqayotgan eng mashhur modellaridan biri bo‘lib, uning manevrliligi, ishonchli osma tizimi, baland klirensi, tejamkor yoqilg‘i sarfi va o‘z sinfi uchun keng saloni kabi jihatlari maqtovga sazovor. Biroq, 2020-yildan boshlab ishlab chiqarilgan ushbu ixcham krossoverning ba’zi kamchilik va noqulayliklari ham bor. Quyidagi maqolada Chevrolet Tracker avtomobilining kamchiliklari, ekspluatatsiya cheklovlari hamda bozor va raqobatchilar nuqtai nazaridan muammolarini ko‘rib chiqamiz.

Dvigatel va yonilg‘i bo‘yicha talabchanlik

Foto: Samijon Juraqulov / Kursiv Uzbekistan

Tracker’ning 3 silindrli turbomotori faqat AI-95 va undan yuqori benzinni talab qiladi. AI-92 kabi arzonroq yonilg‘i detonatsiya keltirib, piston va silindrlarga zarar yetkazishi mumkin. Ba’zi haydovchilar tejamkorlik uchun AI-92 ishlatsa, dvigatel tez ishdan chiqishi ehtimoli katta. Ushbu L4H turbomotor metan yoki propan gaziga mos emas. Gaz o‘rnatilsa, zavod kafolati bekor bo‘ladi. Oldingi Chevrolet egalari odatda gaz-uskunadan foydalangan, ammo Tracker’da bu amaliyot o‘tkazilmaydi.

Yonilg‘i sifati va narxi

O‘zbekistonda AI-95 cheklangan joylarda mavjud bo‘lib, ayrim hududlarda topish qiyin. Tracker ekspluatatsiyasi xarajati yuqori, yonilg‘i sifati doim nazarda tutilishi shart. O‘zbekistonda benzin narxi MDH davlatlari ichida eng yuqorilardan biri sanaladi.

Turbomotorning nozik ekspluatatsiyasi

Foto: Samijon Juraqulov / Kursiv Uzbekistan

Kichik hajmli turbomotor sovuq holatda yuqori aylanishlarda haydashni ko‘tarmaydi. Dvigatel qizimagan paytda keskin tezlanish turbinaning qizib ketishiga olib kelishi mumkin. Aktiv haydovdan so‘ng motorni darhol o‘chirib qo‘ymaslik kerak. Bu qoidalarni buzish turbina ishdan chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin. Yangi Tracker egalari 100 ming km dan keyingi ishonchlilikdan xavotir bildirmoqda. Biroq UzAuto Motors 100 ming km gacha kafolat bergani xavotirlarni kamaytiradi.

Yo‘l sharoiti va osma tizim masalasi

Foto: Samijon Juraqulov / Kursiv Uzbekistan

Tracker konstruktsiyasida orqa osma tizim mustaqil emas, ya’ni ko‘p richagli yumshoq tizim o‘rniga oddiy balka qo‘yilgan. Bu yechim konstruktiv jihatdan arzon va ixcham bo‘lsa-da, notekis yo‘llarda kamroq yumshoq yurishga olib keladi. Chuqur va bo‘rtma yo‘llarda orqa qismdan titrash va taqillagan tovushlar eshitilishi mumkin – bu ayniqsa qulaylikni qadrlovchilar uchun sezilarli minus hisoblanadi.

O‘zbekiston sharoitida, afsuski, ichki yo‘llar sifati hamisha ideal emas: chuqurchalar, shag‘al yo‘llar ko‘p. Bir mahalliy haydovchining ta’kidlashicha, Tracker’ning osma tizimi juda qattiq bo‘lib, sifati uncha yaxshi bo‘lmagan yo‘llarda har bir notekislikni his qiladi. Hatto grunt yo‘llarda mashina juda qattiq silkinib, ba’zan juda sekin yurishga majbur bo‘lasiz. Ya’ni avtomobilning balandligi yaxshi bo‘lsa-da, yumshoq yurish borasida muayyan muammolar bor.

Shinalardagi bosim va yurish sifatiga ta’siri

Foto: Samijon Juraqulov / Kursiv Uzbekistan

Yana bir qiziq jihat – zavod Tracker g‘ildiraklaridagi shina bosimini 2,4 atmosfera atrofida, nisbatan balandroq miqdorda belgilagan ekan. Bu standart bosim issiq iqlimda va silliq yo‘llarda yonilg‘i tejamkorligi uchun qulay bo‘lsa-da, amalda osma tizimni yanada qattiqroq qiladi va yurishning silliqligini kamaytiradi.

Ba’zi haydovchilar qulaylik uchun shinalardagi havoni biroz tushirishga harakat qilgan, biroq bu holat darhol shina bosimi datchigida ogohlantirish chirog‘ini yoqadi – tizim past bosim deb signal beradi. Uni o‘chirib, moslashtirish uchun esa dasturiy sozlash (kalibrlash) kerak bo‘ladi, bu xizmat mahalliy servislarda 200–300 dollar atrofida qo‘shimcha xarajat talab qilishi mumkin. Demak, Tracker egasi zavod o‘rnatgan parametrlarga ko‘nikishi yoki qulaylik uchun qo‘shimcha sarf-xarajatlarga tayyor bo‘lishi kerak.

Issiq havoda konditsioner va tebranish

Foto: Samijon Juraqulov / Kursiv Uzbekistan

Issiq yoz kunlarida konditsionerdan foydalanish Tracker motoriga biroz yuklama beradi. Ba’zi egalarning aytishicha, konditsioner yoqilganda dvigatelda tebranish paydo bo‘ladi – rul va kuzov mayda titrashga boshlaydi. Bu muammo bir nechta Tracker haydovchilarida kuzatilgan bo‘lib, ayrimlar buni «zavoddagi nuqson» deb hisoblashgan. Kichik hajmdagi 3-silindrli dvigatellarda kompressor yuklamasi tufayli shunday holat yuzaga chiqishi mumkin, ammo ko‘pchilik an’anaviy 4-silindrli motorlarda bunga ko‘nikmagani uchun bu ham noxush jihat sifatida tilga olinmoqda.

Iqlim va muhit sharoitidagi muammolar

Foto: Samijon Juraqulov / Kursiv Uzbekistan

Tracker kapoti ostidagi rezina muhrlar mukammal emas. Havo va suv kirib, chang va loy to‘planadi. Bu faralar va metall qismlarda korroziyaga olib keladi. O‘zbekistonning changli hududlarida muammo yanada kuchayadi. Mutaxassislar qo‘shimcha muhr yoki zichlagich o‘rnatishni tavsiya qiladi.

Qishda kuzov panellari orasidagi bo‘shliqlar sovuq havo kirishiga sabab bo‘ladi. Bu kabinaning issiqlik saqlashini yomonlashtiradi. Shamol shovqini oshadi, pech ko‘proq ishlaydi. Ba’zi egalari yoriqlarni penorezina yoki izolyatsion lenta bilan yopishgan.

Ba’zi Tracker egalari sovuq tongda motorni ishga tushirganda metall taqillashini sezgan. Sabab — moy sifati yoki quyuqligi past bo‘lishi mumkin. Tovush motor 40–45°C gacha qiziganda yo‘qoladi. Mutaxassislar birinchi 2 ming km dan so‘ng moyni almashtirishni maslahat beradi. Bu dvigatelni metall chiqindilardan tozalaydi va keyingi nosozliklarni oldini oladi.

Komfort va interyer cheklovlari

Foto: Samijon Juraqulov / Kursiv Uzbekistan

Tracker saloni zamonaviy ko‘rinishga ega, ammo plastik qattiq. Egalarning fikricha, Onix saloni biroz sifatliroq yig‘ilgan, ammo Tracker ham premium darajada emas. Plastmassa yuzalar tirnaluvchan bo‘lib, ehtiyot qilinmasa chiziqlar tezda ko‘rinadi.

Ergonomika va qulaylik cheklovlari

Tracker’da haydovchi o‘rindig‘i va boshqaruv elementlari umumiy qulay joylashgan. Biroq rul faqat balandlik bo‘yicha sozlanadi, oldinga–orqaga moslama yo‘q. Bu, ayniqsa, uzun bo‘yli haydovchilar uchun noqulay – rulni yaqinlashtira olmagani bois qo‘llar cho‘zilgan holatda qoladi.

Salon kengligi sinfiga yarasha yaxshi, ammo orqa o‘rindiqlarda baland bo‘yli yo‘lovchilar uchun joy chegaralangan. 180 sm va undan baland odamning boshi shiftga tegishi mumkin, ayniqsa to‘liq yuk bilan yoki notekis yo‘lda. Uzoq safarda bu holat biroz bezovtalik tug‘diradi.

Yukxona eshigi va kapotning og‘irligi

Foto: Samijon Juraqulov / Kursiv Uzbekistan

Tracker’da yukxona eshigi va kapot gazli amortizatorsiz, mexanik holda ochiladi. Materiali sababli ular ancha og‘ir – ayollar va yoshi katta haydovchilar uchun noqulaylik tug‘diradi. Gazli amortizator bo‘lganida ochish–yopish ancha yengil bo‘lardi, ammo ishlab chiqaruvchi xarajatni kamaytirish maqsadida buni qo‘llamagan.

Multimedia va navigatsiya

Sensor ekranli media tizim zamonaviy ko‘rinsa-da, dasturiy cheklovlari mavjud. Ilk partiyalarda Android Auto va Apple CarPlay qo‘llab-quvvatlanmagan (so‘nggi versiyada tuzatilgan). Shuningdek, ba’zi USB fayllarini tanimaslik, formatlarni ochmaslik, orqa kamera chiziqlarida xitoycha yozuvlar chiqishi kabi nosozliklar qayd etilgan.

Zavod o‘rnatmasida GPS-navigatsiya dasturi yo‘q – faqat telefon ulab ishlatish mumkin. Video fayllarni o‘qish ham cheklangan. Bu haydash xavfsizligiga ta’sir qilmasa-da, zamonaviy raqobatchilarda bu funksiyalar odatiy hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Cobalt avtomobilining kamchiliklari haqida maqola e’lon qilgan edi.

Shuningdek