Prezident Fransiya elchisini «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirladi

eʼlon qilindi
Mamlakatlar strategik sherikligini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi
Prezident Fransiya elchisini «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirladi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Fransiya favqulodda va muxtor elchisi Oreliya Bushezni qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Mamlakat yetakchisi elchining O‘zbekiston – Fransiya strategik sherikligini rivojlantirishga qo‘shgan hissasini yuqori baholab, so‘nggi yillarda savdo-iqtisodiy, ta’lim, sog‘liqni saqlash va madaniy-gumanitar sohalarda erishilgan yutuqlarni qayd etdi. Luvr va Arab dunyosi institutida o‘tgan ko‘rgazmalar, Parij yaqinida Beruniy haykalining ochilishi, Samarqand nomidagi ko‘chaning berilishi hamda tez orada Toshkentda O‘zbekiston – Fransiya universiteti faoliyat boshlashi muhim voqealar sifatida tilga olindi.

Prezident ta’kidlaganidek, elchi Oreliya Bushezning O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida strategik sheriklikni o‘rnatish va chuqurlashtirish, siyosiy muloqot va davlatlararo hamkorlikni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sayyohlik va ilmiy-texnikaviy sohalarda qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish, mamlakatimizning global va mintaqaviy tashabbuslarini faol qo‘llab-quvvatlash hamda xalqlarimiz o‘rtasida do‘stlik, hamjihatlik va madaniy aloqalarni mustahkamlashdagi xizmatlari yuksak e’tiborga loyiqdir.

Yakunida prezident Oreliya Bushezni O‘zbekiston Respublikasining «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirladi. Elchi xonim davlatimiz rahbariga samimiy minnatdorlik bildirib, ikki davlat hamkorligini bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev va Putin O‘zbekiston – Rossiya strategik sherikligini mustahkamlash masalalarini muhokama qilgan edi.

Shuningdek