
Monterey Car Week doirasida Lexus o‘zining navbatdagi sport avtomobilini – Sport Concept superkarini namoyish qildi. Bu haqda Motor1 nashri xabar berdi.

Mazkur model butkul yangi LFR avtomobili uchun poydevor bo‘lib xizmat qilishi rejalashtirilgan.

Hozircha kompaniya texnik tafsilotlarni oshkor etmadi, biroq mashina old qismida joylashgan ikki turbinali V8 dvigateli va orqa g‘ildirakdan tortuvchi tizim bilan jihozlangani ma’lum qilindi.

Shuningdek, ushbu platforma kelajakda Toyota GT3 poyga avtomobili uchun ham asos bo‘ladi.

Seriyali ishlab chiqariladigan versiya biroz soddalashtirilishi mumkin, ammo dizayndagi asosiy uslub saqlab qolinadi. Shuni ham ta’kidlash joizki, Lexus ayrim tafsilotlarni sir tutmoqda: taqdim etilgan konseptda salon yo‘q, shinalarda esa faqat Bridgestone logotipi qoldirilgan.

Brend vakillarining aytishicha, Sport Concept – bu «kelajakka yo‘naltirilgan, progressiv uslubdagi, ammo o‘ziga xos autentik sport avtomobili» bo‘lib, Lexus dizaynining yangi bosqichini ko‘rsatadi. Model keng, past profilga ega ikki eshikli kuzov shakli bilan ajralib turadi va sport avtomobillari avlodining keyingi qiyofasidan darak beradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Lexus ES 200 Taiwan Special Edition modeli taqdim etilgani haqida yozgandi.