Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida kontrakt narxi 15 foizga oshirildi

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti kuzatuv kengashi qaroriga ko‘ra, 2025-o‘quv yilidan boshlab talabalar uchun kontrakt to‘lovlari 15 foizga oshirildi. Bu haqda universitet matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotga koʻra, bakalavriatning 1 – 2-kurs talabalari uchun stipendiyasiz kontrakt narxi 33,75 mln soʻm, stipendiyali shaklda esa 40,58 mln soʻm etib belgilandi. 3 – 4-kurslarda tahsil olayotganlar esa stipendiyasiz 27,3 mln soʻm, stipendiyali kontrakt uchun 34,13 mln soʻm toʻlaydi.
Oʻzbekistonda doimiy yashash hujjatiga ega boʻlgan xorijiy talabalar uchun kontrakt narxi 38,4 mln soʻm, viza asosida tahsil oladigan xorijiylar uchun esa 44,8 mln soʻm qilib belgilandi.
Magistratura bosqichidagi talabalar uchun kontrakt summasi 34,56 mln soʻm, stipendiya bilan oʻqishni istaganlar uchun esa 41,39 mln soʻm etib belgilangan.
Universitet rasmiy maʼlumotida taʼkidlanishicha, JIDUda kunduzgi taʼlimdan tashqari sirtqi yoki masofaviy yoʻnalishlar yoʻlga qoʻyilmagan. Shu bois moliyaviy barqarorlik asosan kunduzgi shakldagi kontrakt toʻlovlari hisobiga taʼminlanmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan super-kontrakt narxi qanday hisoblanishi haqida xabar bergan edi.