2025-yilda xarid qilish kerak bo‘lmagan 5 ta smartfon

Bozorda ko‘plab yangiliklar paydo bo‘layotganiga qaramay, ayrim smartfonlar iste’molchilarning umidini oqlamadi. Narxi baland, imkoniyatlari esa past bo‘lgan qurilmalar ko‘p. Palach nashri 2025-yilda xarid qilish kerak bo‘lmagan 5 ta smartfon haqida ma’lum qildi.
Huawei Nova Y73
Xitoy brendining bu modeli arzonligi bilan qiziq tuyulishi mumkin, biroq texnik xususiyatlari kuchsiz. 90 Hz IPS-ekran, eski Kirin 710A chipi va oddiy kameralar kundalik ishlarga yetarli, ammo Google servislarining yo‘qligi katta minus. Asosiy ijobiy tomoni — 6620 mA/soatli akkumulyatorning bir necha kun ishlash imkoniyati. Shu narxda Tecno Camon 30S yoki Xiaomi Poco M7 Pro ancha yaxshiroq tanlov bo‘ladi.

iPhone 16e
Apple’ning «eng arzon» deb reklama qilingan smartfoni ham yaxshi tanlov emas. Narxi $600 atrofida bo‘lsa-da, faqatgina kuchli protsessor va ixchamlikni taklif etadi. 60 Hz displey, qalin ramkalar va oddiy kameralar bunga mutlaqo mos kelmaydi. Shu pulga Samsung Galaxy S25 yoki Google Pixel 9 olish ancha foydali.

Samsung Galaxy S25 Edge
Dizayn jihatidan juda nafis bo‘lsa-da, Galaxy S25 Edge’da bir qator kamchiliklar bor. 2K ekran va kuchli chipdan tashqari, 3900 mA/soat batareya juda kichik. Telefoto kamera yo‘qligi va $740dan boshlanuvchi narxi ko‘pchilikni hafsalasini pir qiladi. Shu segmentda Realme GT 7 Pro yoki OnePlus 13 yaxshiroq imkoniyatlar beradi.

Nothing Phone (3)
Brendning o‘ziga xos Glyph Interface tizimi bu safar olib tashlangan. Snapdragon 8s Gen 4 chipi o‘rta toifali telefonlar darajasida. Kameralari qog‘ozda yaxshi ko‘rinsa-da, amalda raqiblaridan orqada qoladi. $660 narxga arzimaydi. Shu pulga OnePlus 13 yoki Honor Magic7 Pro olish mumkin.

Asus Zenfone 12 Ultra
Asus flagmanida faqatgina yangi Snapdragon 8 Elite chip qo‘shilgan, qolgan barcha xususiyatlari avvalgi modeldan deyarli farq qilmaydi. Bu segmentda Samsung S24 Ultra yoki Honor Magic7 Pro ancha yaxshi tanlov.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samsung Galaxy S25 Ultra kamerasida muammo yuzaga kelgani haqida xabar bergan edi.