Tramp, Zelenskiy hamda Yevropa yetakchilari uchrashuvida nimalar muhokama qilindi

Donald Tramp Oq uyda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy hamda Yevropa yetakchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Bu safargi muloqot fevral oyidagi sovuqroq uchrashuvdan farqli ravishda iliqroq ruhda kechgan bo‘lsa-da, unday katta kelishuvlar sodir bo‘lmadi. Quyida Tramp va Zelenskiy uchrashuvidagi eng ahamiyatli jihatlarni sanab o‘tamiz.
Zelenskiy uchrashuvga alohida tayyorgarlik ko‘rib keldi
Amerika nashrlari Zelenskiyning uchrashuv kiyimiga alohida e’tibor qaratdi. Chunki avvalgi uchrashuvlarda uning oddiy kiyimi tanqid qilingandi. Bundan tashqari, uning ko‘rinishi uchrashuv ruhini belgilashi alohida tilga olindi. Chunki Oq uy uchrashuvdan oldin Zelenskiy rasmiy kiyimda kelish-kelmasligini ham so‘rab olgan.
Mutaxassislarning fikricha, Zelenskiy bu safargi uchrashuvga jiddiyroq tayyorlangan: u rasmiy kostyum kiyib keldi va Trampni bir necha marta minnatdorlik bilan tilga oldi.
Tramp ma’muriyati ham o‘zini ehtiyotkorroq tutdi. Zelenskiy uchun bu uchrashuv hayotidagi eng muhim uchrashuv bo‘ldi, deb aytish mumkin. Chunki undan oldin Alyaskada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Tramp Rossiya pozitsiyasiga moyil bo‘lib ko‘ringandi va Ukraina hamda Yevropani xavotirga solgandi.
Xavfsizlik kafolatlari: Ukraina bosib olingan yerlarni bermaydi
Tramp Zelenskiyga Qo‘shma Shtatlar Rossiyaning u yerdagi urushini tugatish bo‘yicha har qanday kelishuvda Ukraina xavfsizligini kafolatlashga yordam berishini aytdi, ammo bu qanday amalga oshishi haqida ma’lumot bermadi.
«Xavfsizlik haqida gap ketganda, juda ko‘p yordam bo‘ladi. Ular mudofaaning birinchi chizig‘i, chunki ular o‘sha yerda, lekin biz ularga yordam beramiz», dedi Tramp.
Zelenskiy buni oldinga tashlangan katta qadam deb atab, kafolatlar yaqin bir hafta, 10 kun ichida qog‘ozda rasmiylashtirilishini qo‘shimcha qildi va Ukraina AQShdan taxminan $90 milliardlik qurol sotib olishni taklif qilganini aytdi.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning aytishicha, Oq uyda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Ukraina hududidan voz kechish masalasi umuman muhokama qilinmagan. Unga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Tramp murosaga chaqirgan bo‘lsa-da, bu muzokaralarda Kiyev hudud berishga majbur qilinmagan. Jurnalistlar Tramp Ukrainaga xavfsizlik kafolatidan oldin yon berish kerakligini aytdimi, deb so‘raganida, Makron yo‘q, bunday gap bo‘lmadi. Biz bundan ancha uzoqmiz, deb javob berdi.
Tramp Putinga qo‘ng‘iroq qilish uchun Yevropa Ittifoqi rahbarlari bilan suhbatni to‘xtatdi
Zelenskiy bilan muzokaralar yakunida Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putinga qo‘ng‘iroq qilib, u bilan Zelenskiy o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri uchrashuv tashkil etish tashabbusini boshlaganini ma’lum qildi. Tramp uchrashuv joyi keyinroq aniqlanishini aytdi.
Bu qo‘ng‘iroq Tramp Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Finlyandiya, Yevropa komissiyasi va NATO yetakchilarini qabul qilganida sodir bo‘lgan.
Saylovoldi kampaniyasi davomida bir necha bor Rossiyaning Ukrainadagi urushini bir kunda hal qila olishi bilan maqtangan Tramp dushanba kuni bu u o‘ylagandan ham murakkabroq ekanini bir necha bor ta’kidladi.
«Bir yoki ikki hafta ichida biz buni hal qila olamizmi yoki bu dahshatli jang davom etadimi, shuni bilib olamiz», dedi Tramp.
Putin Zelenskiy bilan uchrashadi
Germaniya kansleri Fridrix Mers Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiy yaqin ikki hafta ichida uchrashishini aytdi. Finlyandiya prezidenti esa rossiyalik hamkasbiga ishonib bo‘lmasligini aytdi.
«Putinga kamdan-kam hollarda ishonish mumkin. Uning uch tomonlama uchrashuvga kelishga jur’ati yetadimi yoki yana vaqtdan yutmoqchimi?», dedi Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubb fin muxbirlariga.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy dushanba kuni Oq uydagi muzokaralardan urushni to‘xtatish uchun Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri uchrashishga tayyorligini aytdi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham Tramp bilan telefon orqali suhbatida Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy bilan uchrashishga tayyorligini aytgan.
Tramp yangi uchrashuvga tayyorgarlikni boshladi
AQSh prezidenti Donald Tramp Vladimir Zelenskiy va Vladimir Putin o‘rtasida ikki tomonlama tinchlik uchrashuvini tashkil etishni boshlaganini aytdi.
«Uchrashuvlar yakunida men prezident Putinga qo‘ng‘iroq qildim va belgilangan joyda prezident Putin va prezident Zelenskiy o‘rtasida uchrashuv o‘tkazish bo‘yicha ishlarni boshladim», dedi Tramp Oq uyda Zelenskiy va Yevropa yetakchilarini qabul qilgandan so‘ng.
Bundan oldin Kursiv Uzbekistan Tramp – Putin uchrashuvi aniq kelishuvsiz yakunlangani haqida yozgandi.