Putin Zelenskiyga Moskvada uchrashishni taklif qildi – OAV

Vladimir Putin Donald Tramp bilan telefon orqali bo‘lgan suhbatda Zelenskiy bilan Moskvada ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazishni taklif qildi. Bu haqda AFP nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, o‘sha vaqtda Oq uyda Yevropa yetakchilari bilan birga bo‘lgan Ukraina prezidenti «yo‘q» deb javob bergan.
O‘z navbatida, Zelenskiy hozirda «aniq xavfsizlik kafolatlari mazmuni ustida ishlayotganini» bildirgan. Shu bilan birga, Buyuk Britaniya xavfsizlik kafolatlarini muhokama etish uchun Yevropa va Amerika yetakchilari yig‘ilishini e’lon qildi.
AQSh prezidenti ikki davlat yetakchilari o‘rtasidagi ehtimoliy ikki tomonlama munosabatlarni muhokama qilish chog‘ida uning ishtirokisiz uchrashsa, yaxshiroq bo‘lishini aytdi.
«Men prezident Zelenskiy bilan juda muvaffaqiyatli uchrashuv o‘tkazdim va endi ular mensiz uchrashsa yaxshiroq bo‘ladi deb o‘yladim. Endi ko‘ramiz, qanday bo‘larkin. Agar zarurat tug‘ilsa, men boraman», – deydi Tramp.
Tramp bilan telefondagi suhbatga qaramasdan, Putin Zelenskiy bilan uchrashish majburiyatini olmagan, biroq Oq uy Rossiya va Ukraina rahbarlarining uchrashuvi rejalashtirilayotganini aytdi.
18-avgust, dushanba kuni Vashingtonda AQSh, Ukraina prezidentlari hamda Yevropa yetakchilari ishtirokida Ukrainadagi urush masalalari bo‘yicha tarixiy sammit bo‘lib o‘tgandi.
Zelenskiy bilan muzokaralar yakunida Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putinga qo‘ng‘iroq qilib, u bilan Zelenskiy o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri uchrashuv tashkil etish tashabbusini boshlaganini ma’lum qildi. Tramp uchrashuv joyi keyinroq aniqlanishini aytdi.