
Honor kompaniyasi yangi flagman smartfonlarini tayyorlayapti. Bu haqda ITHome nashri xabar bermoqda.
Ular Qualcomm va Mediatek’ning hali rasmiy taqdim etilmagan eng ilg‘or protsessorlarida ishlaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Honor bir vaqtning o‘zida to‘rtta yangi platformada qurilgan modellar ustida ishlayapti. Ular Snapdragon 8 Gen 5, Snapdragon 8 Elite 2, Dimensity 9500 va Dimensity 8500 bo‘ladi. Dimensity 9500’ning taqdimoti 22-sentabrga, Snapdragon 8 Elite 2 esa 23-sentabrga belgilangan.
Honor’ning yangi Magic8 liniyasi esa oktabr oyida taqdim etilishi kutilmoqda. Smartfonlar Snapdragon 8 Elite 2’da chiqqan ilk qurilmalar bo‘lmasa-da, kompaniya ishlab chiqarish jarayonini avvalgilarga qaraganda tezlashtirgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Honor’ning Dimensity 8500 telefoni 10000 mA/soatlik batareya bilan jihozlanishi haqida yozgan edi.