2026-yildan «Biznesni 15 daqiqada boshlash» tamoyili ishga tushadi

2026-yildan «Biznesni 15 daqiqada boshlash» tamoyili ishga tushadi. Bu haqda prezidentning tadbirkorlar bilan uchrashuvida ma’lum qilindi.
Mazkur tamoyil orqali tadbirkor ro‘yxatdan o‘tayotgan vaqtda elektron raqamli imzo, bank hisob raqami, ijara shartnomasi va soliq organida ro‘yxatdan o‘tgan kassa apparatini birdaniga olish imkoniga ega bo‘ladi. Shu tariqa bir haftalik jarayon 15 daqiqagacha qisqaradi.
Bundan tashqari, 2026-yildan 10 ta litsenziya va ruxsatnomalar talabi bekor qilinadi. Ayrim sohalarda esa litsenziya va ruxsatnoma o‘rniga faqat xabardor qilish tartibi joriy etiladi. Endi qoidabuzarlik sodir bo‘lsa, jarima faqat korxonaning o‘ziga qo‘llanadi.
Shuningdek, ko‘chat, mineral o‘g‘it, chorva ozuqasi kabi 32 turdagi mahsulot uchun majburiy sertifikatlash bekor qilinadi. Majburiy sertifikatlanadigan mahsulotlar ro‘yxati 459 tadan 288 taga qisqartiriladi. O‘rniga xalqaro amaliyotga mos ravishda «muvofiqlikni deklaratsiyalash» tizimi joriy etiladi.
Yig‘ilishda bundan buyon tadbirkorlar iqtisodiy va ma’muriy sudlarga eksteritorial tartibda murojaat qila olishi e’lon qilindi. Shu bilan birga, sud qarorlarining ijrosi cho‘zilgan taqdirda «astrent» tizimi joriy etilib, qarzdor har bir kechiktirilgan kun uchun penya to‘laydi.
Bundan oldin kelgusi yildan tadbirkorlarga kredit olish yanada osonlashishi ta’kidlangandi.