Islom sivilizatsiyasi markazida qurilish ishlari davom etmoqda

2025-yil 19-avgust kuni Toshkent shahri, Olmazor tumanida joylashgan Islom sivilizatsiyasi markazida qurilish jarayonida tom qismida yong‘in sodir bo‘ldi. Hodisada 19 kvadrat metr maydon zararlangan bo‘lsa-da, binoda fuqarolar jabr ko‘rmadi va ichki qismi butunligicha saqlanib qoldi, deya yozmoqda markaz matbuot xizmati.
Rasmiy ma’lumotlarda qayd etilishicha, markaz hali foydalanishga topshirilmagan va xodimlar bu yerda faoliyat olib bormaydi. Shuningdek, noyob eksponatlar va Ka’ba yopinchig‘i ham bu binoda emas, balki xavfsiz joyda saqlanmoqda.
Qurilish ishlari «O‘zog‘irsanoatloyiha» AJ loyihasi asosida, «Trest-12» AJ bosh pudratchiligida olib borilmoqda. Tashabbus Toshkent shahar hokimligi huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi direksiya tomonidan moliyalashtirilmoqda.
Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi yakuniga yetkazilishi arafasida bo‘lib, barcha jarayon mutasaddi tashkilotlar tomonidan nazoratga olingan. Fuqarolardan esa yolg‘on xabarlarga berilmaslik, faqat rasmiy manbalarga ishonish so‘ralmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq bosh vazir Islom sivilizatsiyasi markazidagi yong‘in joyiga borgani haqida yozgan edik.