Yangi Toshkentda 60 dan ortiq davlat idoralari uchun binolar quriladi

eʼlon qilindi
Hozirga qadar 13 ta tijorat loti auksion orqali sotildi
Yangi Toshkentda 60 dan ortiq davlat idoralari uchun binolar quriladi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent shahrida olib borilayotgan qurilish va bunyodkorlik ishlari taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, mazkur megashahar qurilishiga 2023-yilda tamal toshi qo‘yilgan bo‘lib, bugungi kunda dastlabki inshootlar barpo etila boshlandi. Loyihaga Yuqori Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlaridan 19 ming 700 gektar yer maydoni ajratilgan. Shahar konsepsiyasi Buyuk Britaniyaning Cross-works kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Dastlabki bosqichda 6 ming gektar hududda 600 ming aholiga mo‘ljallangan turarjoy va ijtimoiy infratuzilma obyektlari barpo etiladi. Loyiha to‘liq yakunlangach, shaharda 2 mln nafardan ziyod aholining yashashi ko‘zda tutilgan.

Foto: President.uz

Bugungi kunda yerosti muhandislik tarmoqlari, jumladan, issiqlik, suv, elektr energiyasi va telekommunikatsiya liniyalari yotqizilmoqda. Transport infratuzilmasida ekologik toza transport vositalari, metro va elektrobuslar harakati yo‘lga qo‘yiladi. Piyodalar va velosipedchilar uchun qulay sharoitlar yaratiladi.

Hududda 60 dan ortiq davlat idorasi uchun ma’muriy binolar qurilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, mehmonxonalar, restoranlar, savdo va xizmat ko‘rsatish maskanlari barpo etilib, shaharni yirik turizm markaziga aylantirish ko‘zda tutilgan.

Hozirga qadar 13 ta tijorat loti auksion orqali sotilib, 554 mlnlik investitsiya shartnomalari imzolandi. Qurilish jarayonida 160 ming nafar fuqaro ish bilan ta’minlanadi, kelgusida esa innovatsion texnologiyalarga asoslangan yuz minglab doimiy ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda Milliy nevrologiya va neyroreabilitatsiya markazi tashkil etilishi haqida yozgan edik.

Shuningdek