Xitoydagi eng xavfsiz avtomobil aniqlandi

Xitoyda avtomobillar orasida C-NCAP xavfsizlik va avariya testi o‘tkazildi. Bu haqda CarNewsChina xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, C-NCAP testlarini Xitoy avtomobil texnologiyasi va tadqiqot markazi o‘tkazadi. Sinovlarda yo‘lovchilar, piyodalar va xavfsizlik tizimlari baholanadi. Natijalar foizlarda ifodalanadi va yulduzlar shaklida ko‘rsatib beriladi.
Mazkur test natijalariga ko‘ra, Huawei va Seres hamkorligida ishlab chiqarilgan Aito M8 yangi SUV modeli eng xavfsiz avtomobil sifatida e’tirof etildi. U C-NCAP xavfsizlik va avariya testida 93,7% natija bilan «besh yulduz +» bahosini olib, Xiaomi SU7 va boshqa raqiblarni ortda qoldirdi.
Aito M8 umumiy hisobda 93,7 foiz natija ko‘rsatdi. Faol xavfsizlik tizimlari bo‘yicha 96,34 foiz ball to‘plab, unda avtomatik favqulodda tormozlash (AEB) va yoritish tizimi deyarli to‘liq baholandi. Yo‘lovchilarni himoya qilish ko‘rsatkichida 96,26 foizga erishildi, piyodalarni himoya qilish natijasi esa 86,03 foizni tashkil etdi.
Reytingda eng yuqori natija ko‘rsatgan avtomobillar:
- Aito M8 – 93,7%;
- Xiaomi SU7 – 93,5%;
- Zeekr Mix – 91,8%;
- Mazda EZ-6 – 90,8%;
- Li Auto L6 – 90,5%.
Aito M8 haqida
Model o‘lchamlari 5190x1999x1795 millimetr bo‘lib, g‘ildiraklar oralig‘i 3105 millimetrni tashkil etadi. U besh va olti o‘rinli variantlarda ishlab chiqariladi. Mashina 392 kilovatt (526 ot kuchi) quvvatga ega ikki motorli 4WD tizimi bilan jihozlangan.
Bundan tashqari, kapoti ostida 1,5 litrli turbo dvigatel joylashgan bo‘lib, 37 yoki 53,4 kVt/soat sig‘imli batareyaga ega. Elektrda yurish masofasi 201 dan 310 kilometrgacha, umumiy yurish masofasi esa 1400 kilometrdan ortiqni tashkil etadi.
Bundan oldin bir million kilometr masofani jiddiy buzilishlarsiz bosib o‘tgan avtomobillar e’lon qilingandi.