O‘zbekistonliklarni haqoratlagan tiktoker uch yilga qamaldi

eʼlon qilindi
Jazoni manzil-koloniyada o‘tashi belgilandi
Tiktoker «Abdulloh» uch yilga qamaldi. Kollaj: Kursiv Uzbekistan

Ijtimoiy tarmoqlarda «Abdulloh» nomi bilan tanilgan tiktoker Yugay Valeriy qamoqqa olindi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati ma’lum qildi.

Toshkent viloyati IIBB ma’lumotiga ko‘ra, u 2024-yilning oktabr–noyabr oylarida Koreyada bo‘lgan vaqtida ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali millatlararo nizo keltirib chiqaruvchi, milliy qadriyatlarni tahqirlovchi va diniy e’tiqod asosida fuqarolarni kamsituvchi chiqishlar qilgan.

Video: Toshkent viloyati IIBB

Joriy yil 24-mart kuni u Abu Dabi — Samarqand reysi orqali O‘zbekistonga qaytarilib, huquq-tartibot organlari tomonidan ushlangan. Sud jarayonida Yugay Valeriy o‘z qilmishidan pushaymonligini bildirib, xalqdan uzr so‘radi.

Nurafshon shahar sudi hukmiga ko‘ra, u Jinoyat kodeksining 156-moddasi (milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish) 2-qismi va 158-moddasi (O‘zbekiston Respublikasi prezidentiga tajovuz qilish) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi.

Sud qaroriga binoan, unga uch yil bir oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi va jazoni manzil-koloniyada o‘tashi belgilandi.

Bundan oldin Raqobat qo‘mitasi ikkita blogerni noqonuniy qimor reklamasi uchun javobgarlikka tortgandi.

Shuningdek