Navoiy viloyatidagi oltin koni qariyb 100 milliard so‘mga sotildi

eʼlon qilindi
NBK 111 kompaniyasi g‘olib bo‘ldi
Foto: E-auksion

Navoiy viloyatida joylashgan Pirali oltin koni 99 milliard so‘mga sotildi. E-auksion saytida onlayn auksion yakunlangani ma’lum qilindi.

Savdolar natijasida konni geologik o‘rganish huquqi NBK 111 kompaniyasiga berildi. Kompaniya kon uchun 99,09 milliard so‘m to‘lashga rozi bo‘ldi. Bu miqdor boshlang‘ich narxdan qariyb 24 baravar yuqoridir.

Foto: E-auksion

Auksion 21-avgust kuni ertalab boshlangan va 23 soat 29 daqiqa davom etgan. Shu vaqt ichida jami 461 ta taklif berildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, NBK 111 2024-yil may oyida Toshkentda ro‘yxatdan o‘tgan. Korxona rangli metall rudalarini qazib olish bilan shug‘ullanadi, ustav kapitali esa 1,005 milliard so‘mni tashkil etadi.

Kompaniyaning 40 foizi xitoylik investor Chjan Tsyanga, 60 foizi esa tadbirkor Nurmaxammad Pulatovga tegishli. Pulatov Jizzaxdagi Quwwatt Group oynachilik korxonasi va BEEK Electro elektrotexnika ishlab chiqaruvchisining asosiy egasi ham hisoblanadi.

Pirali koni Navbahor tumanida, Zafarobod qishlog‘idan 20,5 km shimoli-g‘arbda va Navoiy shahridan 38,5 km shimolda joylashgan. Dastlabki baholashlarga ko‘ra, yer ostida 2,4 tonna oltin zaxirasi mavjud.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Navoiy viloyatidagi oltin koni auksionda 68 milliard so‘mga sotilgani haqida yozgandi.

Shuningdek