Yangi Volvo XC70 avtomobili taqdim etildi

22-avgust 2025 10:24 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
volvo
Foto: Volvo / Manba: Kursiv Media

Xitoyning Taychjou shahridagi zavodda yangi Volvo XC70 gibrid avtomobili ishlab chiqarila boshlandi. Bu haqda Kursiv Media xabar bermoqda.

Premium darajadagi ushbu model XC60 va XC90 modellari orasidagi bo‘shliqni to‘ldiradi. U ilg‘or gibrid qurilmalari uchun mo‘ljallangan SMA Super Hybrid Architecture platformasida yaratilgan. Modelning rasmiy taqdimoti va oldindan buyurtmalari avgust oxirida Chendu avtosalonida boshlanadi.

Dizayn va tashqi ko‘rinish

Foto: Volvo / Manba: Kursiv Media

XC70 uzunligi 4 815 mm, kengligi 1 890 mm, balandligi 1 650 mm. G‘ildirak bazasi esa 2 895 mmni tashkil etadi. Tashqi ko‘rinishda yangi Volvo elektr modellariga xos yopiq radiator panjarasi ishlatilgan. Avtomobil EX90 modeliga o‘xshash qilib tayyorlangan.

Yon profilida yashirilgan eshik tutqichlari va yopiq disklari avtomobilning aerodinamikasini yaxshilaydi. Sportiv ko‘rinish berish uchun esa ramkasiz eshiklar va ixcham oynalar qo‘shilgan. Orqa qismda esa Volvo‘ning mashhur «Viking bolg‘asi» shaklidagi S-ko‘rinishli vertikal fonarlari qayta ishlatilgan. Orqa oynaning tozalagichi esa spoiler ostiga yashirilgan.

Texnologiyalar va gibrid tizim

SMA platformasi avtomobilga elektr rejimida 200 km dan ortiq, aralash rejimda esa 1 200 km gacha masofani bosib o‘tish imkonini beradi. WLTC sikli bo‘yicha batareya quvvatsizlangan holda ham yonilg‘i sarfi 100 km uchun atigi 5,85 litrni tashkil qiladi.

Gibrid tizim 1,5 litrli benzinli turbomotor va uch elektromotordan iborat:

  • P1 (60 kVt) — DVS’ni ishga tushirish va energiya generatsiyasi uchun.
  • P2 (107 kVt) — old o‘qda joylashgan asosiy haydovchi motor.
  • P4 (156 kVt) — orqa o‘qdagi motor, kerak bo‘lganda to‘liq uzatmani yoqadi.

Modelning asosiy yangiligi 3 pog‘onali gibrid transmissiya DHT bo‘lib, u 7 xil rejimda ishlay oladi. Ko‘pchilik gibrid avtomobillarda ichki yonuv dvigateli faqat soatiga 60 km tezlikdan keyin g‘ildiraklarga ulanadi. Ammo XC70’da bu jarayon 20 km/soat tezlikdan boshlab amalga oshadi. Bu yechim avtomobilning samaradorligi va dinamikasini oshiradi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy bozorida Volvo XC70’ning boshlang‘ich narxi 360 ming yuanni (taxminan $50 ming) tashkil etadi.

Avvalroq yangi Volvo XC60 modelining sotuvga chiqish sanasi e’lon qilingani haqida yozgan edi.

Shuningdek