Qashqadaryoda iste’molga yaroqsiz yog‘ ishlab chiqarish fosh etildi

Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz va Kitob tumanlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda yashirin sexlarda iste’molga yaroqsiz yog‘ ishlab chiqarish holatlari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, fuqarolar o‘zlariga tegishli noturar joylarda noqonuniy ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib kelgan.
Tadbir davomida jami 157 litr sifatsiz yog‘, 250 kg chigit, 2 dona juvaz uskunasi hamda ishlab chiqarishda ishlatilgan boshqa ashyolar dalil sifatida olindi.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-2-moddasi (chigitdan olinadigan mahsulotni qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo va Farg‘onada mansabdor shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.