Mening reytingim rekord darajada yuqori – Donald Tramp

AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zining ma’qullanish darajasi eng yuqori ko‘rsatkichlarga chiqqanini aytib, mamlakat ommaviy axborot vositalarini yolg‘on ma’lumot tarqatishda aybladi. Bu haqda o‘zining Truth Social’dagi sahifasida ma’lum qildi.
«Feyk yangiliklarda yozilganlarni hisobga olmaganda, hozirgi reytinglarim eng yuqorida. Ayrimlari 60, hatto 70 foizga yetmoqda. Rahmat», deb yozdi Tramp.
Biroq so‘nggi tadqiqotlar Trampning bayonotini rad etmoqda. Pew Research Center o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, prezidentning ma’qullanish reytingi avgust boshida 38 foizga tushib ketgan. 14-avgustda e’lon qilingan hisobot 3,5 ming respondentning fikriga asoslangan.
Mutaxassislar reyting pasayishini, jumladan, 2024-yilgi saylovlarda unga ovoz berganlar orasida qo‘llab-quvvatlashning kamayishi bilan izohlamoqda. Iyunda tarafdorlarning 88 foizi Trampni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 85 foizni tashkil etmoqda. Prezidentlik boshida esa bu ko‘rsatkich 95 foiz edi.
«Tramp ma’muriyatining bojxona bojlari oshirilishi haqidagi qarori ko‘plab amerikaliklarda ishonchsizlik uyg‘otmoqda. Ular bu choralar oilaviy budjetga salbiy ta’sir qiladi deb hisoblashmoqda», dedi Pew markazi siyosiy tadqiqotlar direktori Josselin Kili CBC News’ga bergan intervyusida.
Trampning AQSh OAVlari bilan munosabatlari hamon keskin. U ko‘p marotaba ularni tarafkashlik va «feyk yangiliklar»da ayblagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tramp yil boshidan buyon 100 million dollarlik qimmatli qog‘ozlarni sotib olgani haqida yozgandi.