
Chery va Huawei hamkorligida ishlab chiqilgan yangi Luxeed S7 2026 elektromobili rasman taqdim etildi. Bu haqda Autohome xabar bermoqda.
Model kuchli texnik imkoniyatlari va premium darajadagi jihozlari bilan ajralib turadi. Salon ikki xil rangli uslubda bezatilgan bo‘lib, unda yumshoq Nappa terisi va zamsha ishlatilgan. Haydovchi oldida 12,3 dyuymli raqamli panel joylashgan. Markaziy multimedia tizimi esa 16,1 dyuymli 3K ekran bilan jihozlangan.

Huawei Sound audio tizimi 21 ta dinamik orqali 7.1.4 formatida atrofiyaviy ovoz beradi. Sifatli qulayliklar qatorida nol gravitatsiya funksiyasiga ega o‘rindiqlar, isitish, ventilyatsiya va massaj rejimlari mavjud.
Avtomobil Huawei ADS 4 avtopilot tizimi bilan ta’minlangan. U lidar, uchta millimetr to‘lqinli radar, 12 ta ultratovushli datchik va 11 ta yuqori aniqlikdagi kamera yordamida ishlaydi.

Luxeed S7 800 voltli platformada yaratilgan. Baza versiyasi 292 ot kuchiga ega orqa g‘ildirakdan tortuvchi motor bilan jihozlanib, 0 dan 100 km/soatgacha 5,4 soniyada tezlashadi. Eng kuchli variant esa ikkita motor va 496 ot kuchiga ega. Model 100 km/soat tezlikka atigi 3,3 soniyada chiqadi.
Avtomobilning yurish masofasi konfiguratsiyaga qarab 703 dan 855 kilometrgacha yetadi. Luxeed S7 2026 o‘zining imkoniyatlari bilan bozorda Toyota Camry darajasidagi narxda premium elektromobil sifatida e’tiborni tortmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan 9 ming dollarlik Wuling Bingo S elektromobili savdoga chiqqani haqida yozgan edi.