Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligi tashkil etiladi

Prezident farmoni bilan Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligi tashkil etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, agentlik operator va provayderlar tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini tasdiqlangan reja asosida har oyda kamida bir marta monitoring qilib boradi.
Shuningdek, u moliyaviy va tashkiliy jihatdan hamda vakolatlari doirasida qaror qabul qilishda mustaqil hisoblanadi. O‘z faoliyatida Vazirlar Mahkamasiga hisobdor bo‘ladi.
Bundan avval prezident farmoniga ko‘ra, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) tugatilgandi. Bundan tashqari, uning axborot sohasidagi nazorat va monitoring vazifalari «O‘zkomnazorat» inspeksiyasiga o‘tkazildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Eksimbank O‘zbekistonda telekommunikatsiya sohasi uchun $500 million ajratishi haqida xabar bergandi.