Prezident Iordaniya podshohi bilan birga Samarqandni ziyorat qildi

Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi podshohi Abdulla II ibn al-Husayn Shavkat Mirziyoyev hamrohligida qadimiy Samarqand shahrining tarixiy obidalarini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Davlat yetakchilari avvalo Shohi Zinda majmuasiga tashrif buyurib, payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning sahobalaridan biri Qusam ibn Abbos maqbarasiga hurmat bajo keltirdilar. Shuningdek, Amir Temur maqbarasi, Mirzo Ulug‘bek, Sherdor va Tillakori madrasalaridan iborat Registon majmuasi bilan tanishdilar.

Podshoh va Prezident Samarqand xalqaro turizm markazidagi «Boqiy shahar» tarixiy-etnografik majmuasini ham borib ko‘rib, xalqimizning boy madaniy merosi va milliy an’analarini aks ettiruvchi ko‘rgazmalarni tomosha qildilar.

O‘zbekiston-Iordaniya sammitining asosiy tadbirlari, jumladan oliy darajadagi muzokaralar 26-avgust kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev Samarqandda Imom Buxoriy majmuasi qurilishini ko‘zdan kechirgan edi.