Tesla 243 million dollarlik jarimaga tortildi

Tesla kompaniyasi 2019-yilda Autopilot tizimi bilan boshqarilgan Model S avtomobili ishtirokidagi halokat yuzasidan taklif etilgan 60 mln dollarlik kelishuvni rad etdi. Sud esa jabrlanuvchilar foydasiga $243 mln tovon puli undirish haqida qaror chiqardi, deya yozmoqda Reuters.
Unga ko‘ra, voqea oqibatida Naibel Benavides Leon halok bo‘lgan, uning do‘sti Dillon Angulo esa og‘ir tan jarohati olgan. Sud qaroriga ko‘ra, Tesla kompensatsiyaning 33 foiziga ($42,6 mln) va barcha jarima tovoniga javobgar deb topildi. Qolgan qismi haydovchi zimmasiga yuklandi.
Kompaniya o‘zini aybdor hisoblamasligini aytib, qaror ustidan apellyatsiya kiritishini bildirdi. Bu ish Autopilot tizimi sabab uchinchi shaxs halok bo‘lgan ilk sud jarayoni sifatida tarixda qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tesla’ning Fransiyada 20 mln yevrolik jarimadan qutulib qolgani haqida yozgan edik.