Farg‘onada noqonuniy diniy ta’lim berish holatlari aniqlandi

eʼlon qilindi
Hozirda hujra tashkil etgan shaxslar hamda bolalarini ularga topshirgan ota-onalarni javobgarlikka tortish choralari ko‘rilmoqda
Farg‘onadagi uy bog‘chasida noqonuniy diniy ta’lim berilgani fosh etildi. Ekran tasviri videodan olindi

Farg‘ona viloyatida hujra sharoitida ruxsatsiz diniy ta’lim berish holatlari aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, Qo‘qon shahrining Sunbula mahallasida faoliyat yuritgan uy bog‘chasida 43 nafar bolaga diniy saboq berib kelingani ma’lum bo‘ldi. Ta’lim uchun har bir o‘quvchidan oyiga 450 ming so‘mdan to‘lov olingan.

Video: DXX

Bundan tashqari, Marg‘ilon shahrida ham shunday holatlar qayd etildi. Toshloqtepa mahallasida 2005-yilda tug‘ilgan shaxs boshqa fuqaroga tegishli uyda hujra ochib, Andijon, Surxondaryo, Samarqand viloyatlari va Qo‘shtepa tumanidan kelgan jami 6 nafar bolaga saboq berib kelgan.

Shuningdek, Marg‘ilon shahrining Nurafshon mahallasida 1974-yilda tug‘ilgan shaxs va uning sherigi ham o‘z yashash joyida noqonuniy ravishda hujra tashkil etib, besh nafar voyaga yetmagan bolaga diniy ta’lim bergan.

Hozirda barcha holatlar bo‘yicha hujra tashkil etgan shaxslar hamda bolalarini ularga topshirgan ota-onalarni qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortish choralari ko‘rilmoqda.

Bundan avval Namanganda «Islom davlati» terrorchilik tashkiloti g‘oyalarini targ‘ib qilgan guruh qo‘lga olingandi.

Shuningdek