Tekin pishloq faqat qopqonda bo‘ladi — Maqsad Mirabdullayev

eʼlon qilindi
Kursiv Uzbekistan Kiberxavsfizlik markazi mas'ul xodimi Maqsad Mirabdullayev bilan ushbu mavzuda suhbat tashkil qildi
Foto: Uzcard

18 – 20-avgust kunlari Nukusda CyberWeek dasturining mintaqaviy bosqichi bo‘lib o‘tdi. Tadbir Markaziy bank, Ichki ishlar vazirligi va Uzacard to‘lov tizimi hamkorligida tashkil etildi. Unda Kursiv Uzbekistan muxbiri Ichki ishlar vazirligi Tezkor qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazi mas’ul xodimi Maqsad Mirabdullayev bilan kiberxavfsizlik sohasi haqida suhbatlashdi.

Kiberxavfsizlikda kadrlar muammosi

Mirabdullayevning ta’kidlashicha, kiberxavfsizlik sohasida malakali mutaxassislar yetishmaydi. Shu sababdan Ichki ishlar vazirligi akademiyasi qoshida yangi fakultet ochilib, yuzdan ortiq kursant qabul qilingan.

Mutaxassis ma’lumotiga ko‘ra, 2024-yilda O‘zbekistonda sodir etilgan jinoyatlarning 44,4 foizi axborot texnologiyalari yordamida amalga oshirilgan. Bu holatning oldini olish tizimni yil sayin takomillashtirish zarurligini ko‘rsatmoqda.

Foto: Cyber 102 / Telegram

Asosiy tahdidlar va Telegram

Kiberjinoyatlarning 60 foizi zararli havolalar tarqatish orqali sodir etilmoqda. Qolganlari SMS-kodlarni qo‘lga kiritish, onlayn kredit olish va savdo platformalaridagi firibgarliklar bilan bog‘liq.

«Asosiy hujumlar Telegram orqali amalga oshirilmoqda. Agar ushbu tarmoq bilan hamkorlik o‘rnatilsa, jinoyatlarning oldini olish osonlashadi», dedi u.

Uztelecom bilan loyiha

Mirabdullayevning aytishicha, hozirda Uztelecom bilan telefon firibgarliklarini bloklash bo‘yicha loyiha ishlab chiqilmoqda. Unga ko‘ra, firibgar qo‘ng‘iroqlarida abonent raqamida maxsus ogohlantirish paydo bo‘ladi.

«Ko‘plab fuqarolar firibgarlarga aldanib qolib, o‘zini jinoyatchiga sherik deb o‘ylaydi. Lekin ular javobgarlikka tortilmaydi. Qo‘rqmasdan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishlari kerak», dedi Mirabdullayev.

Aldanmaslik uchun tavsiyalar

Mutaxassisning ogohlantirishicha, shaxsiy ma’lumotlarni begonalarga bermaslik, bank yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlardan kelganini aytib qo‘ng‘iroq qiluvchilarga ishonmaslik kerak.

«Moliyaviy piramidalar yoki treydingdan tezda katta pul topish haqidagi va’dalarga uchmaslik zarur. Hatto professional treyderlar ham bunday natijaga erisha olmaydi», deya ogohlantirdi u.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan CyberWeek dasturining Nukus bosqichi bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek