
Chevrolet Tracker O‘zbekistondagi eng ommabop uchta avtomobildan biri hisoblanadi. Yanvar-iyul oylarida 21,3 ming dona yangi Tracker xarid qilingan. U shaharda harakatlanish va sayohatlar uchun qulay. Kursiv Uzbekistan nashrining ushbu maqolasida Chevrolet Tracker avtomobili sotib olishga arziydimi degan savolga javob beradi.
Texnik xususiyatlar
Ushbu model 1,2 litrli, 3-silindrli turbobenzin dvigatel bilan jihozlanadi. Quvvati 132 ot kuchigacha yetadi. Bu dvigatel ixcham, ammo kuchli va tejamkor. Ayrim bozorlarda 1,0 litrli 116 ot kuchli versiya ham bor, ammo bizda asosan 132 ot kuchli variant ishlab chiqariladi. O‘zbekistondagi versiya old g‘ildirakdan tortuvchi (FWD) tizimga ega.

Tracker’ning maksimal tezligi 180 km/soat atrofida. 0–100 km/soat tezlanishga 11 soniyada erishadi. Bu ko‘rsatkich sinfiga yarasha qoniqarli.
O‘rtacha yonilg‘i sarfi 100 km uchun 6–7 litrni tashkil etadi. Shaharda 8 litr, trassada 5,5 litr sarflaydi. Yonilg‘i baki 44 litr bo‘lib, bitta bak yonilg‘i bilan uzoq masofa bosib o‘tiladi. U AI-95 benzinga mo‘ljallangan.
Qulayliklari
Tracker kichik krossover bo‘lsa-da, ichki makoni keng. 4 nafar yo‘lovchi uchun joy yetarli, o‘rindiqlar uzoq safarlarda ham qulay. Yuqori komplektatsiyalarda haydovchi o‘rindig‘i elektr boshqaruvga ega. Ergonomik dizayn charchoqlarni kamaytiradi.

Markaziy panelda 8 dyuymli sensorli ekran mavjud. U Apple CarPlay va Android Auto’ni qo‘llab-quvvatlaydi. Smartfonni ulab xarita, musiqa va qo‘ng‘iroqlardan foydalanish oson. Bluetooth va USB ham mavjud, ba’zi versiyalarda simsiz zaryadlash ham qo‘shilgan.
Audio tizimi LS versiyasida 4 ta dinamika bilan keladi. Yuqori komplektatsiyalarda dinamiklar soni ko‘proq. Standart hajmi 390 litr. Orqa o‘rindiqlar yotqizilganda 1311 litrgacha kengayadi. Oilaviy safarlar uchun qulay. Bagaj eshigi keng ochiladi, yuk ortish-tushirish oson. Panoramali lyuk esa salonni yorug‘roq qilib, kayfiyatni ko‘taradi.
Chevrolet Tracker’ning kamchiliklari
Tracker 1,2L turbomotor uchun AI-95 benzinga ehtiyoj sezadi. AI-92 ishlatish dvigatelga zarar keltirishi mumkin. O‘zbekistonda AI-95 ba’zan qimmat yoki topilmaydi. Demak, egasi yonilg‘iga ko‘proq vaqt va pul sarflashiga to‘g‘ri keladi. Gaz o‘rnatish tavsiya etilmaydi. Agar zavod sozlamasi o‘zgarsa, kafolat bekor qilinadi.

Sovuq motorni keskin tezlashtirish yoki manzilda darhol o‘chirish turboga zarar yetkazadi. Motorni avval qizdirib, manzilga yetgach bir necha daqiqa ishlatib turish foydali. Tracker 100 ming km gacha kafolatlangan. Ammo undan keyin turbomotor ta’miri qimmatga tushishi mumkin. Tracker yangi model bo‘lgani uchun ko‘plab ehtiyot qismlar hozircha faqat rasmiy servisda mavjud. Rasmiy servis narxlari baland. Masalan, bosim datchigini sozlash 200 – 300 dollar atrofida turishi mumkin.
Filtrlar, sensorlar, turbo qismlarini almashtirish ham qimmat. Mustaqil ustaxonalar hali tajribaga ega emas. Yangi model ommalashgani sari servisda navbat va ehtiyot qismlar yetkazib berish vaqti cho‘zilishi mumkin. Asfalt yo‘llarda muammo sezilmaydi. Ammo shag‘alli yo‘lda orqa qismdan titrash va taqillash eshitilishi mumkin.

Ba’zi haydovchilar grunt yo‘lda sekin yurishga majbur bo‘lishadi. Bu O‘zbekiston sharoitida sezilarli kamchilik. Konditsioner yoqilganda mayda vibratsiya kuzatiladi.
Rul va kuzovda seziladigan titrash normal holat. Ammo to‘rt silindrli motorlarga o‘rganib qolganlarga noqulay tuyulishi mumkin. Bunday paytda konditsioner tizimini servisda tekshirtirish foydali. Ko‘pincha bu nosozlik emas, konstruksiyaga xos.
Ikkinchi qo‘l bozoridagi qiymati
Yangi mashina oluvchilar uchun uning keyinchalik ikkinchi qo‘l bozorida necha pul turishi muhim. Chevrolet Tracker 2023-yildan ishlab chiqarilsa-da, bozorda tez mashhurlashib, qiymatini yaxshi saqlab qolmoqda.

2023 – 2024-yillarda yangi Tracker dilerlarda 210 – 280 mln so‘m ($17 – 22 ming) oralig‘ida sotilgan. 2025-yil o‘rtalarida ikkinchi qo‘l Tracker 2 narxi $14 600 – $18 500 atrofida bo‘ldi. Shu bois, 1-2 yil ishlatilgan mashinalar yangi narxining 80–90% qiymatini ushlab qolmoqda.
Bu modelning bozordagi likvidligi yaxshi va xaridorgirligi yuqori ekanini ko‘rsatadi. Tracker hali uzoq vaqt bozorni bosib o‘tmagan, shuning uchun uzoq muddatli depressiyasi ma’lum emas.
Ammo dastlabki 1-2 yilda qiymati keskin tushgani yo‘q, bu xaridorlar uchun ijobiy omil. Ko‘pchilik navbat kutmaslik uchun ham ishlatilgan Tracker’larni sotib olmoqda.
Ha, Chevrolet Tracker ikkilamchi bozorda qiymatini yaxshi saqlaydigan avtomobil hisoblanadi. Yangi Tracker sotib olsangiz, uni bir necha yil o‘tib sotishda katta qiymat yo‘qotmaysiz. Bozorda unga talab yuqori bo‘lib turibdi. Shu bois xarid qilganingizni keyinchalik oson sotishingiz mumkin.

Ikkinchi qo‘l Tracker olayotganda servis daftarchasi va texnik holatini sinchiklab tekshiring.
Ushbu modelda yonilg‘i tarixi muhim. Mutaxassislar faqat AI-95 benzin ishlatilgani ma’qul hisoblashadi. To‘g‘ri foydalanilgan Tracker sizga uzoq xizmat qiladi va keyinchalik ham bozorda xaridor topadi.
Avtomobil xarid qilayotganda foydalanish maqsadi, oila a’zolar soni va moliyaviy imkoniyatlaringizni hisobga olishni unutmang.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan beshta eng yaxshi oilaviy avtomobil haqida yozgan edi.