O‘zbekistondagi qurilish obyektlarida QR-kodli pasport o‘rnatish tartibi belgilandi

eʼlon qilindi
Bu haqdagi nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi
Qurilishda pasport
O‘zbekistondagi qurilish obyektlarida QR-kodli pasport o‘rnatish tartibi belgilandi. Rasm: Sun’iy intellekt / Kursiv Uzbekistan

Adliya vazirligi tomonidan «Qurilish obyektlarida QR-kodli (matrik shtrixli kod) pasport o‘rnatish tartibi to‘g‘risida»gi nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Nizomga ko‘ra, pasport qurilish obyektining hududiy inspeksiyada ro‘yxatdan o‘tgan kunidan boshlab buyurtmachi tomonidan obyektning kirish qismiga yoki ko‘rinadigan joyiga majburiy ravishda o‘rnatiladi. U obyekt foydalanishga topshirilgungacha amalda bo‘lishi lozim.

Pasport namlik va tashqi ta’sirlarga chidamli materialdan tayyorlanishi, umumiy o‘lchami 2400×1200 mm bo‘lishi hamda yer sathidan kamida bir metr balandlikda o‘rnatilishi shart.

Bundan tashqari, obyekt hududiy inspeksiyada ro‘yxatga olingach, «Shaffof qurilish» axborot tizimida u haqidagi dastlabki ma’lumotlar joylashtiriladi. So‘ng ular uchun QR-kod avtomatik shakllantiriladi.

Ushbu tartib 1-sentabrdan boshlab O‘zbekistonda har bir qurilayotgan obyekt uchun joriy etiladi.

Bu tizim orqali shaharsozlik subyektlari, qurilish muddatlari, hujjatlar va ekspertiza xulosalari kabi muhim ma’lumotlarga tezroq ega bo‘lish mumkin.

Ko‘p kvartirali uylarda joylar va yerto‘lalarni qayta qurish yoki rejalashtirishda qurilish me’yorlarini buzib, konstruktiv qismlar va tayanch devorlarni o‘zgartirish yoki buzish mumkin emas. Shuningdek, binoning zilzilabardoshliligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan har qanday harakatlar ham qat’iyan taqiqlanadi.

Bundan oldin Oliy Majlis Senati hukumatga qurilishlarni tartibga solish va infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan parlament so‘rovi yuborilishini ma’lum qilgandi.

Unga ko‘ra, 9-yalpi majlisda senatorlar tomonidan ayrim hududlarda qurilish ishlari amaldagi qonunchilik talablariga zid tarzda amalga oshirilayotgani tanqid qilingan. 

Shuningdek