Moskvada migrantlar uchun geolokatsiya kuzatuv ilovasidan foydalanish majburiy etiladi

2025-yil 1-sentabrdan Moskva va Moskva viloyatida xorijiy fuqarolarni hisobga olishning yangi tajriba tartibi joriy etiladi.
Endilikda O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Armaniston, Qozog‘iston, Gruziya, Ozarbayjon, Moldova va Ukrainadan ish uchun kelayotgan migrantlar maxsus «Amina» mobil ilovasini o‘rnatishi shart bo‘ladi.
Ilova orqali migrantlar yashash manzilini onlayn ro‘yxatdan o‘tkazishi, manzil o‘zgarganda ichki ishlar organlarini masofadan turib xabardor qilishi mumkin. Shuningdek, ilova foydalanuvchining geolokatsiyasini avtomatik tarzda kuzatadi.
Avtorizatsiya chet el fuqarosi kartasi orqali amalga oshiriladi. Agar karta yo‘qotilgan bo‘lsa, pasport ma’lumotlari yordamida tizimga kirish imkoni mavjud.
«Amina» ilovasi uch ish kunidan ortiq vaqt davomida geolokatsiya yubormagan taqdirda, migrant avtomatik ravishda ro‘yxatdan chiqariladi. Monitoring shartlari buzilganda, fuqaro nazorat ostidagi shaxslar ro‘yxatiga kiritilishi mumkin.
Loyiha doirasida kelgusida qo‘shimcha imkoniyatlar ham joriy qilinishi mumkin: masalan, patent to‘lovini amalga oshirish, Migratsiya markaziga oldindan navbat olish va boshqa xizmatlardan foydalanish mumkin bo‘ladi. Hozirning o‘zida «Amina» test rejimida ishlay boshlagan bo‘lib, xorijliklar uning funksiyalarini oldindan sinab ko‘rishlari mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada yarim yil ichida 2,8 ming migrant deportatsiya qilingani haqida yozgan edik.