Vizasiz bozor: Termizdagi Airitom Free Zone qanday faoliyat yuritmoqda

eʼlon qilindi
Kursiv Uzbekistan muxbiri Afg‘oniston bilan chegaradagi savdo markazi tadbirkorlari va mehmonlari bilan suhbatlashdi
Foto: Kursiv Uzbekistan

Markaziy Osiyo mamlakatlari Afg‘oniston hokimiyatini rasman tan olmasa-da, u bilan savdo-sotiq va siyosiy muloqotni davom ettirmoqda. Tolibon hokimiyatga kelganidan to‘rt yil o‘tgach, iqtisodiy pragmatizm radikal islomchilik tarqalishi to‘g‘risidagi xavotirlardan ustun keldi.

O‘tgan yilning avgust oyi oxirida Termizda afg‘onlar vizasiz tashrif buyurishi mumkin bo‘lgan Airitom Free Zone xalqaro savdo markazi ochildi.

Termiz shahridagi erkin savdo zonasi. Foto: Kursiv Uzbekistan

Kursiv Uzbekistan muxbiri markazidagi savdogarlar va xaridorlar bilan suhbatlashdi. Markazda odamlar har xil tovarlarni tanlash, bitimlarni muhokama qilish va bir vaqtning o‘zida sog‘liqni saqlash masalalarini ham hal qiladi.

Airitom Free Zone chegaraoldi savdosini jonlantirmoqda

Foto: Kursiv Uzbekistan

Airitom Free Zone savdo bo‘limi rahbari Sanjar Soliyevning ma’lum qilishicha, markazga har kuni 1,5 mingdan 2 minggacha Afg‘oniston fuqarosi tashrif buyuradi. Ular uchun 15 kungacha vizasiz rejim joriy etilgan. Shuningdek, kunlik xaridorlarning mingga yaqini esa o‘zbekistonliklar tashkil etadi.

Erkin savdo zonasida 300 ta savdo do‘koni ochilgan bo‘lib, 200 dan ortiq o‘zbekistonlik va 100 dan ortiq afg‘onistonlik tadbirkorlar faoliyat yuritmoqda.

Savdo markazidagi afg‘onistonlik tadbirkorlar nafaqat o‘z mamlakati, balki Eron va Xitoydan keltirilgan keng turdagi mahsulotlarni ham taklif etmoqda. Eng xaridorgir tovarlar qatoriga quyidagilar kiradi:

  • plastmassa gilamlar – 140-200 ming so‘m;
  • afg‘on choyi (200 g) – 20-30 ming so‘m;
  • za’faron – bir grammi uchun 20-50 ming so‘m;
  • qorako‘l choponlar (milliy to‘nlar) – $150-$500;
  • paxta choponlar – 100-500 ming so‘m.
Foto: Kursiv Uzbekistan

Shuningdek, tadbirkorlar oziq-ovqat mahsulotlari, moylash materiallari, qurilish texnikalari, gilamlar va boshqa mahalliy ishlab chiqarilgan mahsulotlarni taklif etmoqda.

Markazda logistika majmuasi mavjud bo‘lib, Hilton mehmonxonasining tarmog‘i ham faoliyat yuritmoqda. Imtiyozli narxlarda salomatlikni tiklash mumkin bo‘lgan zamonaviy tibbiyot markazi ochilgan.

Termizdagi kichik Afg‘oniston

Savdo markazida afg‘onlar asosiy kontingent bo‘lib qolmoqda. Foto: Kursiv Uzbekistan

Termizdagi ulkan xalqaro savdo markazining ostonasidan hatlab o‘tishingiz bilan qo‘shni Afg‘onistonga borib qolgandek bo‘lasiz. Bu yerda ushbu mamlakatning o‘zgacha muhiti gavdalangan.

Shalvar va milliy do‘ppi kiygan erkaklar xushmuomalalik bilan qo‘llarini uzatishadi. Yonlaridagi ayollarning ba’zilari ochiq yuzli, boshqalari niqobli, ko‘pchiligi bolalari bilan birga yurishadi.

Savdo rastalari afg‘on mahsulotlari bilan to‘lgan. Foto: Kursiv Uzbekistan

Odatda rastalarda hayot qaynaydi. Afg‘onlar o‘zaro savdolashadi, mol tanlaydi, xuddi o‘z bozorlaridagidek ish olib borishadi. Asosan dariy tilida so‘zlashadi, o‘zbekcha nutq kamdan-kam quloqqa chalinadi.

Erkaklar do‘stona munosabatda bo‘lib, bajonidil muloqot qilishadi, ammo ayollari yoki qizlarini suratga olish va so‘roq qilishga ruxsat berishmaydi.

Markaz binosiga kiraverishda kimnidir o‘rindiqda o‘tirgan holatda, kimdir to‘g‘ridan to‘g‘ri maysazorga gilamchalar to‘shab, namoz o‘qiyotganini ko‘rish mumkin. Sal nariroqda esa afg‘on kafesi qaynayapti.

Bu yerda ayol ofitsiantlar yo‘q, faqat erkaklar ishlaydi. Dasturxon va so‘rilarda oilalar o‘zbek paloviga o‘xshamaydigan hind guruchidan tayyorlangan afg‘on palovini qo‘lda yeyishadi. Bu ovqat ta’mi va ziravorlari boshqachaligi bilan ajralib turadi.

Bir lahzaga Termiz markazidagi devorlaridan tashqarida nima borligini unutib qo‘yasan. Chegara allaqachon uzoqda qolib ketgandek va sen Afg‘onistonga kelib qolgandek tuyuladi.

Afg‘on gilam savdogarlari. Foto: Kursiv Uzbekistan

Bozor Afg‘oniston va O‘zbekistonni yaqinlashtirmoqda

70 yoshli Hojigul Ahmad oilasi bilan birga qayta sotish uchun tovarlarni ko‘zdan kechirishga va ayni paytda klinikada sog‘lig‘ini tekshirtirish maqsadida kelgan. Afg‘onistonda Ahmadning oilasi ikkita chinni do‘koniga egalik qiladi. Uning aytishicha, yo‘l davomida hech qanday jiddiy muammolar yuzaga kelmagan.

Hojigul Ahmad birinchi marta Termizga keldi. Foto: Kursiv Uzbekistan

«Men chegarada uzoq vaqt qolaman deb o‘ylagandim, lekin hammasi tezda hal bo‘ldi. Hujjatlarimizni ko‘rib, darhol o‘tkazib yuborishdi. Ertalab soat o‘nda oilamiz bilan Ayritomda bo‘ldik», — dedi afg‘onistonlik.

Hojigul safar yaxshi taassurot qoldirganini ta’kidladi. Uning fikricha, bunday bozor Afg‘oniston uchun ham, O‘zbekiston uchun ham foydalidir.

«Mamlakatlarimizda qo‘shnichilik aloqalari yaxshi. Bunday imkoniyatlar biznesga yordam beradi» — dedi u.

Hojigulning uyida ikkita chinni do‘koni bor. Foto: Kursiv Uzbekistan

Zararga ishlayapmiz

Abdullo Turkoman savdo markazida yarim yildan beri ishlaydi. Avvaliga tuxum sotgan, ammo uni Afg‘onistonga olib chiqish to‘xtatildi. Hozir gilam, choy, za’faron sotadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy muammo — cheklovlar. Afg‘onlarga tovarlarni faqat oyiga bir marta va $200 gacha bo‘lgan summada, 10 kilogrammdan ortiq bo‘lmagan miqdorda olib chiqishga ruxsat beriladi. Shu sababli ko‘pchilik zarar ko‘radi va do‘konlarni yopadi.

Abdullo erkinliksiz biznes rivojlanishi qiyin deb hisoblaydi. Foto: Kursiv Uzbekistan

Abdulloning ta’kidlashicha, bunday sharoitda ishlash juda qiyin. Hozirda u kuniga plastik iplardan tayyorlangan, uy ichidagi yo‘lakchalar uchun mo‘ljallangan 10-15 ta ekogilamlarni sotmoqda. Agar, cheklovlar bo‘lmaganda savdo hajmi 100 tagacha yetardi. Bu mahsulot mahalliy aholi orasida juda ommalashgan. Abdullo qoidalar yumshatilib qolishiga umid qilmoqda, aks holda savdo butunlay to‘xtab qolishi mumkin.

Savdo tajribasi va rivojlanishga umid

61 yoshli Xursand Tursunov Samarqanddan kelgan. U qariyb bir yildan beri xalqaro markazda quritilgan mevalar hamda sabzavot va meva urug‘lari bilan savdo qilmoqda. Markaz haqida internetdagi e’londan ko‘rgan va bu yirik bozor bo‘ladi deb o‘ylagan. O‘z mahsulotlarini olib kelib, afg‘on xaridorlariga ulgurji sotishga, ular orqali esa Pokiston va Eronga yetkazishga qaror qilgan.

Xursand Tursunov: chegaradagi tekshiruvlar xaridorlarni qo‘rqitmoqda. Foto: Kursiv Uzbekistan

Dastlab sotuvlar yaxshi bo‘ldi, ammo keyinchalik tovarlarni olib kirish va olib chiqishdagi qiyinchiliklar tufayli pasayish boshlandi. Afg‘onlar o‘zlarining quritilgan mevalari – mayiz, o‘rik olib kelishga va’da berishdi, ammo hammasi namunalar bilan cheklandi.

Asosiy qiyinchilik uchta nazorat punktida ya’ni, bittasi afg‘on va ikkitasi o‘zbek chegara postlarida bo‘lgan. Tekshiruvlar uzoq davom etib, pasportlar olib qo‘yiladi, 30-40 kishi navbatda ushlab turiladi. Ba’zida rasmiylashtirish bir soatdan ham ko‘proq vaqt oladi. Ko‘pchilik xaridorlar bunga bardosh berolmay, ketib qolishadi. Natijada savdo-sotiq pasayadi.

Tursunovning biznesi zarar ko‘rish arafasida. Bu yerda ijara arzon – har kvadrat metr uchun $3-$3,5 atrofida. Bir oyda taxminan 1,6 mln so‘m chiqadi. Ammo sotuvlar kamdan kam hollarda kuniga 200-300 ming so‘mdan oshadi. Bu pulga ijarani to‘lash, oilani boqish, ijarada turish, ovqatlanish kerak.

Xursand ilgarigi kunlarni yaxshiroq bo‘lganini eslaydi. Ba’zida kuniga daromadi 3-5 million, ba’zida esa 15 million so‘mgacha yetardi. Biroq bu holat uzoqqa cho‘zilmadi. Agar vaziyat yaxshilanmasa, do‘konni yopishga majbur bo‘ladi. Shunday bo‘lsa-da, u hamon yaxshi kunlar kelishiga umid qilmoqda.

Chegara orqali – shakar va yog‘ uchun

Jumaniyoz Murodiy Mozori Sharifdan kelgan. U uyida kichik oziq-ovqat do‘konini yuritadi va har oyda bir marta O‘zbekistonga mahsulot sotib olish uchun keladi.

Jumaniyozga Termizdagi oziq-ovqat narxlari yoqadi. Foto: Kursiv Uzbekistan

U Termizga kelganiga to‘rt kun bo‘ldi. Markaz hududidagi mehmonxonaga joylashgan. Jumaniyoz xarid qilishdan oldin narxlarni taqqoslash uchun doimo bir nechta ulgurji do‘konlarni aylanib chiqadi. Uning aytishicha, bu yerdagi narxlar Mozori Sharifdagiga qaraganda arzonroq.

Jumaniyozning do‘konida shakar, yog‘, soda, novvot, sovun va boshqa kundalik ehtiyojdagi mahsulotlar sotiladi. Bularning hammasini Ayritomdan sotib oladi.

Uning aytishicha, O‘zbekistondan mahsulotlar arang yetib kelmoqda. Afg‘onistondan chiqish oson, ammo kirish paytida ko‘p vaqt va kuch talab qiladigan tekshiruvlar mavjud.

Shunga qaramay, savdogar Termizga kelishda davom etmoqda. Uning uchun markaz — bu tovarni foydali sotib olish va bir vaqtning o‘zida chegaraning narigi tomonidagi hayot bilan tanishish imkoniyatidir.

Mahalla yordami: o‘zbekistonlik shifokorlar va afg‘onistonlik bemorlar

Afg‘onistonliklarda davolanishga talab yuqori. Foto: Kursiv Uzbekistan

Savdo markazi hududidagi klinikada mijozlar gavjum, shifokorlar tinim bilmasdan ishlashmoqda. Turli yoshdagi erkaklar ham, ayollar ham kelishadi. Ko‘pchiligi bolalari bilan tashrif buyuradi.

Davolanish uchun xizmat haqqi so‘mda to‘lanadi. Klinika bosh shifokori Furqat Yo‘ldoshevning ta’kidlashicha, bemorlar nafaqat chegaradosh shahar va qishloqlardan, balki deyarli 1,5 ming kilometr uzoqlikdagi Kobuldan ham kelishadi.

Foto: Kursiv Uzbekistan
Foto: Kursiv Uzbekistan

«Shifokorlarimizning barchasi O‘zbekistondan, o‘zim Toshkentdanman. Men bilan birga poytaxtdan yana bir nechta mutaxassislar ishlaydi. Shuningdek, afg‘onistonlik xizmat ko‘rsatuvchi va tarjimon xodimlar ham bor», — deydi u.

Ko‘pincha bemorlarda travmatologik va nevrologik kasalliklardan osteoxondroz, bo‘g‘im kasalliklari, shikastlanish oqibatlari, yoshga bog‘liq muammolar aniqlanadi.

Foto: Kursiv Uzbekistan

Shibirg‘on shahridan 67 yoshli Hoji Shukrullo o‘z davlatidagilar yordam bera olmagach, davolanish uchun bu yerga kelgan.

«Oyog‘im va belim og‘rirdi. Bu yerga kelgach esa yaxshi bo‘lib qoldi. Yordam topganimdan xursandman va yana dalada ishlashga umid qilaman», — deydi u.

Shukrullo 10 gektar yerda sholi, paxta, bug‘doy yetishtirib sotadi va shu bilan kun ko‘radi.

Shukrullo muolajadan so‘ng uyiga ketmoqchi. Foto: Kursiv Uzbekistan

Doimo tinchlik bo‘lsin

Klinikada afg‘onistonlik bemorlar orasida rus tilidagi tanish qo‘shiqni eshitdim: «Solnechniy krug, nebo vokrug….». Uzun afg‘oncha ko‘ylak kiygan kishi kulimsirab davom etdi: «Doimo tinchlik bo‘lsin!».

Shamsiddin yoshligida pioner galstugi taqib yurardi. Foto: Kursiv Uzbekistan

Uning ismi Shamsiddin, yoshi 55 da, u Airitom Free Zone’ga Faryob shahridan kelgan. Bir paytlar u kashshof bo‘lgan va Toshkentga kelgan. O‘tmishni iliq xotiralar bilan esladi.

«Esimda Eski shahar va Chorsu bozori. Biz u yerda o‘zbek pionerlari bilan sayr qildik. Menga bu qo‘shiq yoqdi. U yerda soqolli rus amakining haykali bor edi, ismi esimda yo‘q», — – dedi u jilmayib.

Gap Eski shaharda o‘rnatilgan sovet davlat arbobi Mixail Kalininning haykali haqida bordi. SSSR parchalanganidan keyin yodgorlik buzib tashlangan.

«U haliyam turganmi?», — deb so‘radi Shamsiddin, ko‘zlarida esa o‘tmishga sog‘inch aks etdi.

Bitim tuzildi. Foto: Kursiv Uzbekistan
Shuningdek