Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonda migrantlar uchun resurslar markazini ochdi

Yevropa Ittifoqi, O‘zbekiston Migratsiya agentligi va Xalqaro migratsiya siyosatini rivojlantirish markazi (XMSRM) hamkorligida Toshkent shahrida migrantlar resurs markazi (MRM) ochildi.
Ta’kidlanishicha, bu markaz Markaziy Osiyo hududida ochilayotgan uchinchi shunday maskan bo‘lib, Yevropa Ittifoqi moliyaviy ko‘magida tashkil etildi.
Markazning asosiy vazifasi — fuqarolarga xavfsiz va qonuniy migratsiya bo‘yicha ma’lumot berish, noqonuniy migratsiya hamda odam savdosi xavfi haqida ogohlantirish, chet elga ketayotganlarga maslahat berish va vatanga qaytganlarga qayta moslashishda yordam ko‘rsatishdan iborat.
Ochilish marosimida O‘zbekiston hukumati, Yevropa Ittifoqi, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashdi. Yevropa Ittifoqi elchisi Toyvo Klaar bu kabi markazlar odamlarni to‘g‘ri qaror qabul qilishga ko‘mak berishini ta’kidlab, migratsiyani boshqarish bo‘yicha hamkorlikni yuqori baholadi.
«Toshkentdagi migrantlar uchun resurs markazi butun dunyo bo‘ylab 14 ta MRM tarmog‘idagi eng yangi markaz hisoblanadi. Ushbu yangi markaz migratsiya va qaytishni o‘ylayotgan shaxslar uchun juda foydali va dolzarb bo‘lib, ularga ongli, xavfsiz va qonuniy qarorlar qabul qilish imkoniyatini beradi», — deydi XMSRM Bosh direktorining o‘rinbosari va migratsiya masalalari bo‘yicha muloqot va hamkorlik bo‘limi rahbari Sedef Diring.
Joriy yilning 30-iyulidan 30-avgustiga qadar O‘zbekistonning 621 nafar fuqarosi xorijda og‘ir moliyaviy ahvolga tushib qolganligi sababli vatanga qaytarildi.
Eng ko‘p fuqarolar Rossiyadan – 460 kishi qaytarilgan. Shuningdek, Turkiyadan – 71, AQShdan – 56, Qozog‘istondan – 17, Janubiy Koreyadan – 4, Hindiston, Yaponiya va Polshadan – 3 nafardan, Misrdan – 2, Qirg‘iziston va Saudiya Arabistonidan esa bir nafardan fuqaro olib kelindi.