Hindiston va Pokistondagi kuchli yog‘ingarchilik oqibatida qariyb ming kishi halok bo‘ldi

So‘nggi kunlarda Hindiston va Pokistonni qamrab olgan kuchli yomg‘irlar Himalay tog‘larida katta talafotlarga sabab bo‘ldi. Reuters xabariga ko‘ra, Hindistonda so‘nggi 24 soat ichida kamida 36 kishi halok bo‘lgan.

Eng og‘ir fojia Jammu va Kashmir hududida yuz berdi: Hindu ziyoratgohi – Vaishno Devi yaqinida yuz bergan ko‘chki 33 kishining umriga zomin bo‘ldi.
Doda tumanida esa daryolar qirg‘oqlaridan chiqib, pastqam hududlarni suv bosishi natijasida yana uch kishi halok bo‘ldi. Mahalliy OAVning yozishicha, Panjob shtatida bir maktabni suv bosib, 200 ga yaqin bola ichkarida qolib ketgan. Shuningdek, Madhopur to‘g‘oni bir qismi yomg‘irdan keyin qulab tushib, avtomobillar daryoga tushib ketgani aks etgan videolar tarqaldi.

Rasmiylarning ma’lum qilishicha, telekommunikatsiya tarmoqlari deyarli ishdan chiqqan, yo‘llarning katta qismi vayron bo‘lgan. Hindiston meteorologiya xizmati vakili Muxtor Ahmadning so‘zlariga ko‘ra, 23-avgustdan buyon Jammu mintaqasiga 612 mm yog‘ingarchilik yog‘gan bo‘lib, bu me’yordan 726% ko‘pdir. Bu ko‘rsatkich 1950-yildan beri kuzatilgan eng yuqori darajani tashkil qiladi.
Pokiston hududlarida ham xavfli vaziyat yuzaga kelgan. Hindiston Kashmirida to‘g‘onlar ochilishi oqibatida Ravi, Chenab va Sutlej daryolari bo‘yida suv sathi keskin ko‘tarildi. Pokiston hukumati uchta daryoda toshqin bo‘yicha favqulodda ogohlantirish e’lon qildi. Shu bilan birga, Panjobdagi mashhur Sikh ziyoratgohi – Kartarpur Sahib suv ostida qolgan.

Pokistonda monsun mavsumi iyun oxiridan buyon davom etmoqda. Rasmiylarga ko‘ra, shu paytgacha mamlakat bo‘ylab 804 kishi halok bo‘lgan, ulardan yarmi avgust oyida. 167 mingdan ortiq odam vaqtinchalik uylarini tark etishga majbur bo‘lgan, shundan 40 ming kishi ogohlantirishlardan so‘ng o‘z xohishi bilan ko‘chirilgan.
Hindiston hukumati elektr energiyasi, ichimlik suvi va mobil aloqani tiklashni asosiy ustuvor vazifa sifatida belgilagan. Shu bilan birga, sinoptiklarning ogohlantirishicha, Ladakh, Himachal-Pradesh va Jammu-Kashmir hududlarida yana kuchli yomg‘ir va chaqmoqli bo‘ronlar kutilmoqda. Shu bois, toshqin xavfi hali ham yuqori darajada saqlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ispaniyada yirik o‘rmon yong‘inlari to‘rt kishining hayotiga zomin bo‘lgan edi.