O‘zbekiston va Yaponiya qo‘shma universitet tashkil etish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi

Shavkat Mirziyoyev mamlakatda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Yaponiya tashqi ishlar vaziri Takesi Ivaya boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, uchrashuvda vazir Yaponiya bosh vaziri Sigeru Isibaning samimiy salomi va O‘zbekiston Mustaqilligi kuni munosabati bilan tabriklarini yetkazdi.
Suhbat davomida ikki tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi ortib borayotgani, yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilayotgani va Osaka shahrida o‘tgan «EXPO 2025» doirasida O‘zbekiston milliy kunining muvaffaqiyatli o‘tkazilgani qayd etildi.
Shuningdek, O‘zbekiston – Yaponiya markazi faoliyatini kengaytirish va qo‘shma universitet tashkil etish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi. Tomonlar mintaqaviy va xalqaro masalalar, jumladan, «Markaziy Osiyo + Yaponiya» sammitiga tayyorgarlik yuzasidan ham fikr almashdilar.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilishiga tamal toshi qo‘ygan edi.