O‘zbekiston aholisi 38 milliondan oshdi

2025-yil 28-avgust kuni soat 9:35 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning doimiy aholisi 38 mln kishiga yetdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, aholining 19,1 mln nafari erkaklar (50,4 %), 18,9 mln nafari esa ayollardan (49,6 %) iborat. Erkaklar soni ayollardan 274 ming kishiga ko‘proq.
Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil boshidan buyon aholining umumiy soni 455 ming kishiga ko‘paygan. 1-yanvar holatiga mamlakatda 37,5 mln kishi istiqomat qilgan bo‘lsa, 1-aprelga kelib bu raqam 37,7 mln, avgust oxirida esa 38 mln kishiga yetdi.
Viloyatlar kesimida aholisi eng ko‘p hudud Samarqand viloyati bo‘lib, u yerda 4,3 mln kishi yashaydi. Keyingi o‘rinlarda Farg‘ona (4,2 mln) va Qashqadaryo (3,6 mln) viloyatlari turibdi. Eng kam aholiga ega hudud esa Sirdaryo viloyati bo‘lib, u yerda 934 ming kishi istiqomat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oʻzbekiston rivojlangan davlatlardagi aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad darajasiga ($14 ming) erishishi uchun 100 yildan ortiq vaqt ketishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.