Shavkat Mirziyoyev Xitoydagi harbiy paradda qatnashadi

3-sentabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoydagi harbiy paradda qatnashadi. Bu haqda «Sinxua» agentligi ma’lum qildi.
Ushbu tadbir Xitoyning Yaponiya bosqinidan ozod qilinganligining 80 yilligi va Ikkinchi jahon urushi tugaganiga bag‘ishlab o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston rahbaridan tashqari, tantanali tadbirlarda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston prezidentlari ham ishtirok etishi kutilmoqda. Shuningdek, Rossiya, Belarus, Armaniston va Ozarbayjon rahbarlari ham Xitoyga kelishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, 2019-yildan beri ilk bor Koreya xalq demokratik respublikasi (KXDR) rahbari Kim Chen In Xitoyga tashrif buyuradi. Umuman olganda, 21 nafar xorijiy davlat rahbariga taklif yuborilgan.
Parad pandemiyadan keyingi davrdagi eng yirik tadbir bo‘lishi kutilmoqda. Mashg‘ulotlardan olingan kadrlarga ko‘ra, mehmonlarga ilk bor eng zamonaviy harbiy texnika namunalari namoyish etilishi aytilmoqda. Xorijiy rahbarlar va diplomatlar gipertovushli raketalar, yo‘naltirilgan energiya va radioelektron bostirish tizimlari, havo va suv osti uchuvchisiz apparatlarini ko‘rishadi.
Pekinda to‘rtinchi avlodning eng yangi ZTZ-201 tanklari va «Dunfen-31» strategik raketa majmuasining zaryadlovchi mashinalari namoyish etiladi. Umumiy hisobda, paradda 10 ming harbiy xizmatchi, 100 dan ortiq samolyot va bir necha yuz dona jangovar texnika qatnashadi.
Ushbu tantanali tadbirlar Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) sammitining davomi bo‘ladi. Sammit 31-avgustdan 1-sentabrgacha Xitoy poytaxtida o‘tkaziladi.
Bugungi kunda Xitoy O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlaridan biri hisoblanadi. 2025-yilning yanvar – iyul oylarida Xitoy bilan savdo hajmi $8 milliarddan oshgan.
Bundan avval «Kursiv» nashri O‘zbekiston – Xitoy innovatsion markazi tashkil etilishi mumkinligi haqida xabar bergandi. Mazkur loyihaning amalga oshirilishi yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda innovatsion yondashuvlarni keng joriy etishga xizmat qiladi.