O‘zbekiston va Xitoy investitsiya portfeli $60 milliarddan oshdi

Shavkat Mirziyoyev Xitoyga rasmiy tashrifi doirasida Pekin shahrida Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuvda ikki davlat delegatsiyalari ham ishtirok etdi.
Tomonlar O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, texnologik va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Davlat rahbarlari o‘zaro savdo hajmining keskin oshgani, investitsiya portfeli $60 mlrddan ortgani va ko‘plab yirik loyihalar amalga oshirilayotganini qayd etdi. Shu jumladan, BYD elektromobillarini ishlab chiqarish, qo‘shma texnoparklar, «yashil» energetika, sun’iy intellekt, transport infratuzilmasi hamda ta’lim sohasidagi tashabbuslar alohida ta’kidlandi.
Madaniy-gumanitar almashinuvlarni kuchaytirish maqsadida Konfutsiy institutlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, yangi universitet filiallarini ochish, «Lu Ban ustaxonalari»ni tashkil etish va talabalarga qo‘shimcha kvotalar ajratish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, vizasiz tartib va aviaqatnovlar sonining oshirilishi turizm rivojiga xizmat qiladi.

Muzokaralar yakunida tomonlar xalqaro kun tartibi bo‘yicha ham fikr almashib, ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar. Shavkat Mirziyoyev Si Szinpinni O‘zbekistonga tashrif buyurishga taklif etdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident Toshkentda «Xavfsizlik masalalari bo‘yicha ShHT plus muloqoti»ni o‘tkazishni taklif qilgan edi.