Endi aholi tomonidan xarajatining yarimi qoplanadigan loyihalar avtomatik g‘olib bo‘ladi

Prezident qarori bilan qonunchilik palatasida tashabbusli budjet loyihalarining amalga oshirilishi ustidan parlament nazoratini olib borish uchun 11 nafar deputatdan iborat parlament komissiyasi tuziladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
2026-yil 1-yanvardan boshlab deputatlar har yili tashabbusli budjet jarayonlarida g‘olib bo‘lmagan loyihalar orasidan o‘z saylov okrugida aholi hayoti va hudud rivojlanishiga ta’sir qiladigan ikkita loyihani (har mavsumda bittadan) «Ochiq budjet» portalida tanlaydi. Ushbu tanlov loyihani respublika budjetidan moliyalashtirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Shuningdek, g‘olib bo‘lmagan loyihalarni moliyalashtirish uchun har bir deputatga yiliga ikki mavsumga bazaviy hisoblash miqdorining sakkiz ming baravari miqdorida mablag‘ ajratiladi. Mazkur mablag‘ respublika budjetidan moliyalashtiriladi.
Bundan tashqari, 2026-yil 1-fevraldan boshlab ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni aholi va davlat sheriklik asosida moliyalashtirish amaliyoti joriy etiladi. Agar aholi loyiha qiymatining 50 foizini o‘z xohishiga ko‘ra moliyalashtirsa, loyiha g‘olib deb topiladi. Bunda qolgan 50 foizi respublika budjetidan qoplanadi.
Joriy yildagi «Open budjet»ning 2-mavsumida 2,3 mingdan ziyod loyihalar g‘olib bo‘lgandi.
G‘olib loyihalar ro‘yxati bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin: openbudget.uz