Tesla avgust oyida Yevropada savdo hajmini sezilarli darajada yo‘qotdi

eʼlon qilindi
BYD kompaniyasi bilan kuchli raqobat
Foto: Tesla

2025-yil avgustida Tesla Yevropa bozorida sotuv hajmini sezilarli darajada kamaytirdi. Reuters xabariga ko‘ra, pasayishning asosiy sabablari sifatida BYD kompaniyasi bilan kuchli raqobat hamda Ilon Mask shaxsiga nisbatan shakllangan salbiy munosabat tilga olinmoqda.

Ta’kidlanishicha, avgust oyida Tesla Fransiyada 47,3%, Shvetsiyada 84%, Daniyada 42%, Niderlandiyada 50%, Italiyada esa 4,4% kamroq avtomobil sotdi. Shu bilan birga, Yevropaning umumiy avtomobil bozori 2,2% ga o‘sdi, bu esa Tesla pasayishini yanada yaqqolroq ko‘rsatmoqda. Faqat ayrim mamlakatlarda ijobiy natijalar kuzatildi: Norvegiya (21,3%), Ispaniya (161%) va Portugaliya (28,7%).

BYD’ning o‘sishi

Xitoyning BYD kompaniyasi, ayniqsa, Norvegiya va Ispaniyada faol o‘sishni qayd etdi. Norvegiyada BYD sotuvlari 218%ga oshib, Tesla natijalaridan yuqoriga chiqdi. Ispaniyada esa davlat tomonidan 7000 yevrogacha chegirma berilishi Tesla sotuvini oshirgan bo‘lsa-da (1435 dona), BYD undan ham yuqori ko‘rsatkich qayd etdi – 1827 dona avtomobil sotuvi bilan 400% o‘sishga erishdi. Yil boshidan buyon ham Ispaniyada BYD 675% o‘sish, Tesla esa atigi 11,6% natija qayd etdi.

Schmidt Automotive kompaniyasi tahlilchisi Mattias Shmidtning ta’kidlashicha, Tesla sotuvlarining pasayishi birinchi navbatda kuchli raqobat bilan bog‘liq. Unga ko‘ra, Tesla so‘nggi paytlarda yangi modellarni taqdim eta olmayapti, BYD va boshqa Xitoy brendlari esa faol ravishda yangi modellar chiqarib, o‘z mahsulot qatorini kengaytirmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tesla Red Rocket avtomobili taqdim etilgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek