Shavkat Mirziyoyev o‘qituvchi va o‘quvchilarni bilimlar kuni bilan tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev birinchi sinfga qabul qilingan 720 ming ortiq o‘quvchilarni, o‘qituvchi va ota-onalarni bilimlar kuni bilan tabriklab maktub yo‘lladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
«Avvalo, siz, azizlarni yurtimizdagi 10 mingdan ziyod maktablarda O‘zbekiston mustaqilligining 34-yillik bayramiga uyg‘un holda o‘tayotgan Bilimlar kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Ushbu shukuhli ayyomda «Birinchi qo‘ng‘iroq»lar jarangi ostida ilk bor maktab ostonasiga qadam qo‘yayotgan 720 mingdan ortiq o‘g‘il-qizlarimiz va nabiralarimizni, ularning ota-onalarini alohida qutlab, o‘zimning eng ezgu tilaklarimni izhor etishdan g‘oyat mamnunman», dedi davlat rahbari.
Ushbu maktub barcha maktablarda o‘qib eshittirilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Vladimir Putin, Donald Tramp va 50 dan ziyod davlat yetakchilari Mirziyoyevni mustaqillik bilan tabriklagani haqida yozgandi.