
Huawei va Aito hamkorligida ishlab chiqilgan yangi Huawei Aito M7 2025-yil 5-sentabrdan oldindan buyurtmaga ochiladi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Rasmiy taqdimot 23-sentabr kuni bo‘lib o‘tadi. Yangi model tashqi va ichki dizayni yangilangan bo‘lib, Huawei’ning ADS 4 aqlli boshqaruv tizimi va avtomobil sanoatida ilk bor qo‘llanilayotgan ichki LiDAR tizimi — Limera bilan jihozlanadi.

Yangi Aito M7 old qismida yopiq panjara dizayniga, yon tomonlarda esa shamol qarshiligini kamaytiruvchi yarim yashirin eshik tutqichlariga ega. O‘lchamlari 5080×1999×1780 mm. G‘ildirak bazasi esa 3030 mmni tashkil etadi. Salon markazida 16,1 dyuymli boshqaruv ekrani joylashgan. Haydovchi o‘rindig‘i «nol-gravitatsiya» shaklida ishlab chiqilgan. Orqa o‘rindiqlar uchun ko‘ngilochar ekran va aqlli issiq-sovuq saqlash qutisi qo‘shilgan.

Texnik jihatdan avtomobil ikki xil kuch tizimida taqdim etiladi. EREV (uzaytirilgan masofa) versiyasi 37 yoki 53 kVt·soat batareya bilan 1600 km gacha yo‘l bosishi mumkin. BEV (toza elektr) modeli esa 100 kVt·soatli batareya orqali 700 km dan ortiq masofaga ega.
Huawei ta’kidlashicha, tizim tungi sharoitda 30 smgacha bo‘lgan to‘siqlarni aniqlay oladi va 100 km/soat tezlikda ham favqulodda tormozlash imkonini beradi.
Shu bilan birga, yuqori komplektatsiyalardagi Aito M7 modellari 192-line tashqi LiDAR bilan jihozlanishda davom etadi. Mutaxassislar ta’kidlaganidek, tashqi LiDAR kengroq ko‘rish burchagi va yuqori aniqlikni ta’minlaydi, biroq Limera kam quvvat sarfi va ixchamligi bilan ajralib turadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Huawei va Seres yangi Aito M7 modelining dizaynini taqdim etgani haqida yozgan edi.