Janubiy Koreyaning Mom’s Touch brendi yil oxirigacha O‘zbekistonda ilk filialini ochadi

eʼlon qilindi
2026-yilda filiallar soni 60 taga yetadi
Foto: Mom’s Touch

Janubiy Koreyaning yirik fast-fud tarmog‘i Mom’s Touch O‘zbekistonda o‘zining ilk restoranini ochishga tayyorlanmoqda. Bu haqda The Korea Times nashri xabar berdi.

29-avgust kuni Seul shahrida Mom’s Touch bosh direktori Kim Dong-jon va One Food kompaniyasi rahbari Xo‘jayev Zafar Zalulovich master-franshiza shartnomasini imzoladi. One Food — O‘zbekistonning UHL logistika kompaniyasi tomonidan maxsus ushbu loyihani amalga oshirish uchun tashkil etilgan oziq-ovqat kompaniyasi hisoblanadi.

Foto: The Korea Times

Shartnomaga ko‘ra, Toshkentda yil oxirigacha birinchi restoran ish boshlaydi. Keyingi bosqichlarda esa respublika bo‘ylab filiallar soni 60 taga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Kompaniya vakillari O‘zbekiston bozorini istiqbolli deb baholamoqda. Chunki aholining katta qismi musulmon bo‘lib, cho‘chqa go‘shti mahsulotlarini iste’mol qilmaydi. Mom’s Touch menyusi esa tovuq go‘shti, burger va pitsadan iborat.

One Food rahbari Zalulovichning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda fast-fud mijozlari faqat qovurilgan tovuqqa qiziqmaydi, shuning uchun keng assortimentli brend tanlangan.

«Mom’s Touch boshqa koreys fast-fudlari ichida eng raqobatbardosh variant sifatida ajralib turdi», dedi u.

Ma’lumot uchun, ushbu brend Koreyada eng yirik fast-fud tarmog‘i bo‘lib, 1 460 ta restoranni boshqaradi. Brend bungacha Tailand, Mongoliya, Yaponiya va Laos bozorlariga ham chiqqan. Endilikda kompaniya Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Yaqin Sharq davlatlariga ham kirishni rejalashtirmoqda.

Avvalroq «Kursiv» Koreya kompaniyasi folga ishlab chiqarishni O‘zbekistonga ko‘chirmoqchiligi haqida yozgandi.

Shuningdek