Toshkentdagi uchta avtobusning harakat yo‘nalishi o‘zgardi

Yo‘lovchilar tashish xavfsizligini ta’minlash va yo‘nalishlarni maqbullashtirish maqsadida 15, 28 va 61-sonli avtobus yo‘nalishlari harakatiga qisman o‘zgartirishlar kiritildi. Bu haqda Toshkent shahar transport bosh boshqarmasi xabar berdi.

15-sonli avtobus yo‘nalishi endi Qo‘yliq 1-mavzesidan Do‘stlik metrosi tomon harakatlanishda Qo‘yliq ko‘prik osti yo‘li orqali qo‘shimcha yo‘l bo‘lagidan foydalanadi. Vodiy avtoturargohigacha bormaydi.

28-sonli avtobus yo‘nalishi Tibbiyot akademiyasidan Yangiobod mavzesi tomon Shoximardon, Ohangaron yo‘li, Shohsanam va Katta Yangiobod ko‘chalari orqali harakatlanadi. Yo‘nalish Katta Yangiobod ko‘chasida bir tomonlama tashkil etilgan.

61-sonli avtobus yo‘nalishi esa endi ikki tomonlama Izzat ko‘chasi orqali harakatlanadi. Bu yo‘nalishda avtobuslar Beshariq, Aviasozlar va Hosiyat ko‘chalariga kirmaydi.
Shuningdek, Toshkentda 2025-yil oxirigacha tungi avtobuslar yo‘lga qo‘yiladi. Mazkur avtobuslar tungi soat 22:00 dan ertalab 06:00 gacha qatnaydi. Ular aeroportlar, temiryo‘l vokzallari, metro bekatlari, yirik bozorlar, savdo markazlari va turizm ko‘chalari orqali yuradi.
Avtobuslar qizil rangda bo‘lib, chiptalar narxi kunduzgi qatnovlar bilan bir xil: QR-kod orqali 3000 so‘m, elektron to‘lovlarda 1700 so‘m. Loyihaga jami 33,3 mlrd so‘m sarflanishi kutilmoqda. Mutasaddilarga ko‘ra, tungi avtobuslar yo‘lovchilar uchun qulaylik yaratib, shahar turizmini rivojlantirishga xizmat qiladi.