O‘zbekistonlik ilk uchuvchi talabalar Koreyaga jo‘nab ketdi

O‘zbekistonning ilk uchuvchi talabalar guruhi Koreya aerokosmik universitetida o‘qishni davom ettirish uchun jo‘nab ketdi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.
Mazkur talabalar Toshkent davlat transport universitetida 1-kursni tamomlab, endi Koreyada 2 va 3-kurslarda tahsil oladi. Ular nafaqat nazariy bilimlarni, balki parvoz amaliyotlarini ham o‘zlashtiradi.
Ushbu dastur Transport vazirligi tashabbusi bilan 2023-yilda tashkil etilgan bo‘lib, O‘zbekistonda uchuvchilik bo‘yicha milliy kadrlar zaxirasini shakllantirishga qaratilgan.
Talabalarga Koreya aerokosmik universiteti professor-o‘qituvchilari bilan bir qatorda Korean Air hamda Asiana Airlines aviakompaniyalari uchuvchi-instruktorlari tomonidan bilim beriladi.
Koreya aerokosmik universitetida 3-kursni muvaffaqiyatli bitirgan talabalar O‘zbekistonga qaytib 4-kursda parvoz amaliyotlarini davom ettiradi. O‘qishni tugatgan talabalar uchuvchilik guvohnomasi hamda Toshkent davlat transport universiteti va Koreya aerokosmik universiteti diplomlarini qo‘lga kiritadi.
Bundan avval Kursiv Uzbekistan BAA universiteti O‘zbekistonda o‘z filialini ochishi mumkinligi haqida yozgandi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston diplomatlari Birlashgan Arab Amirliklarining (BAA) nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri Al-Ain University raisi o‘rinbosari Nur Aldin Atatrex bilan uchrashuv o‘tkazgan.
Muzokaralarda ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari, jumladan, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi dasturini yo‘lga qo‘yish, universitet rahbariyatining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish hamda mamlakatda universitet filialini ochish masalasi muhokama qilindi.