Aloqa operatorlari abonent mablag‘larini ularning roziligisiz yechib olmoqda — Qutbiddin Burxonov

So‘nggi paytlarda mobil aloqa operatorlari tomonidan abonentlarning roziligisiz pullik SMS va xizmatlarga avtomatik ulash holatlari ko‘paymoqda. Natijada fuqarolarning hisobidan ularning xabarisiz mablag‘ yechib olinmoqda. Bu haqda Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov ma’lum qildi.
Qo‘mitaning dastlabki o‘rganishlariga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvar holatida mamlakatda 36 milliondan ortiq mobil aloqa abonenti bor. Mazkur pullik xizmatlarni operatorlar emas, balki 100 dan oshiq kontent provayderlar ko‘rsatmoqda. Ularning ba’zilarining faoliyati telekommunikatsiya kompaniyalari bilan tuzilgan hamkorlik shartnomalariga asoslangan.
Ammo amalda bu xizmatlar uchun to‘lov abonentning telefon raqamiga biriktirilgan hisobidan uning roziligisiz yechib olinmoqda. Eng qizig‘i, bir marta xizmatga ulanish kifoya shundan so‘ng har kuni yoki har oy mablag‘lar avtomatik tarzda asosiy hisobdan yechib olinaveradi.
O‘rganish natijasida kontent xizmatiga ulanish oson, xizmatni bekor qilish esa murakkab jarayon ekanligi xulosa qilingan. Bundan tashqari, hozirda foydalanuvchilarga kontent provayderlari tomonidan taqdim etilayotgan xizmatlar yo‘nalishini tartibga soluvchi alohida normativ-huquqiy hujjatlar mavjud emasligi aniqlandi.
Shu bilan birga, mobil aloqa operatorlariga beriladigan litsenziya, talab va shartlarda ham kontent provayderlar uchun alohida band kiritilmagan. Mazkur masala yuzasidan Qutbiddin Burxonov normativ huquqiy hujjatni birga ishlab chiqishda qo‘mita tayyorligini bildirgan.
Bu bo‘yicha Raqamli texnologiyalar vazirligi yangi tahrirdagi «Telekommunikatsiyalar xizmatlarini ko‘rsatish qoidalari» idoraviy normativ-huquqiy hujjati loyihasi 149-bandi quyidagi tahrirda to‘ldirilishini ma’lum qildi. Ya’ni abonentlarni pulli xizmatga ulash ikki bosqichda amalga oshiriladi:
- birinchi bosqichda, abonent tomonidan tanlangan xizmat haqida abonentga ma’lumot berish;
- ikkinchi bosqichda tanlangan xizmatni ulash uchun abonentning rozilik tasdig‘ini olish.
Vazirlikka ko‘ra, mazkur hujjatga bugungi kunda tegishli idora va vazirliklar tomonidan takliflar yig‘ilmoqda, barcha takliflar yig‘ilgach hujjat Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Bundan avval Raqobat qo‘mitasi aloqa sifati, hisob-kitoblarning notoʻgʻri yuritilishi va ortiqcha qarzdorliklar, qoʻshimcha xizmatlar hamda reklama maqsadidagi SMS xabarlar haqidagi e’tirozli murojaatlar yuzasidan mobil aloqa operatorlarini qat’iy ogohlantirgandi.