Arnasoydagi yangi aeroportga birinchi samolyot qo‘ndi

Jizzax viloyatining Arnasoy tumanidagi qurilishi davom etayotgan zamonaviy aeroportga ilk bor L-410UVP-E20 rusumli samolyot sinov tariqasida qo‘ndi. Bu haqda «O‘zA» xabar berdi.
Tuman hokimi Odil Musanovning aytishicha, aeroport nafaqat transport vositasi, balki turizm, investitsiya va iqtisodiy rivojlanishning yangi bosqichiga yo‘l ochadi.
«Bugungi kunda turistik zonada mehmonxonalar, dam olish maskanlari, suv sporti infratuzilmalari va yo‘l-transport tarmoqlari jadal rivojlanmoqda. Qurilayotgan aeroport esa ushbu loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiluvchi strategik obyekt hisoblanadi. Endi sayyohlarimiz uchun Arnasoyga yetib kelish ancha oson, xavfsiz va qulay bo‘ladi», deydi Odil Musanov.



Aeroport to‘liq ishga tushgach, Arnasoy nafaqat ichki, balki xalqaro turistlar uchun ham qulay maskanga aylanishi kutilmoqda.
Bugungi kunda Jizzaxda Aydar-Arnasoy ekoturizm maskani qurilmoqda. Maskan tarkibida ekologik mehmon uylari, velosiped va piyoda yo‘laklari, shuningdek, tabiatni asrashga xizmat qiluvchi axborot markazi quriladi.
Qurilish ishlariga 60 dan ortiq texnika va 190 nafardan ziyod ishchilar jalb etilgan. Ushbu maskan joriy yilning noyabrida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Bu yerda quyosh panellari, yomg‘ir suvini yig‘ish tizimlari hamda chiqindilarni saralash punktlari kabi ekologik infratuzilmalar ham o‘rnatiladi.