Farg‘onada tipratikan va ilondan sho‘rva tayyorlagan shaxs ishi sudga oshirildi

Ijtimoiy tarmoqlarda ilondan sho‘rva tayyorlanayotgani aks etgan video tarqaldi. Ushbu holat Farg‘ona viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi ekologik nazorat inspeksiyasi hamda 1-mintaqaviy PPX xodimlari tomonidan o‘rganildi.
Unga ko‘ra, viloyatning Oltiariq va Buvayda tumanlarida bir fuqaro tipratikan va ilonni noqonuniy saqlab, sho‘rva tayyorlab sotayotgani aniqlangan.
Ekologiya vazirligi mazkur holat bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilib, sud organlariga yuborilganini ma’lum qildi.
Bundan avval Yangiyo‘lda chumchuq go‘shtidan shashlik tayyorlagan choyxona rahbari jarimaga tortilgandi. Tekshiruv davomida choyxonada chumchuq go‘shtidan shashlik pishirilayotgani aniqlanmagan. Davlat inspektorlari choyxona rahbaridan izoh so‘raganida, u videolavhaning ilgari — mijozlarni jalb qilish maqsadida tasvirga olinganini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda bunday amaliyot to‘xtatilgan.
Inspektorlar tomonidan kelgusida qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi. Shu bilan birga, choyxona rahbariga 4,12 mln so‘m jarima qo‘llandi.