Nepal hukumati YouTube va WhatsAppʼni blokladi

Nepal hukumati YouTube va WhatsApp’ni mamlakat hududida bloklashga qaror qildi. Associated Press xabariga koʻra, bunga mazkur platformalarning Raqamli texnologiyalar vazirligida roʻyxatdan oʻtish tartibini buzganliklari sabab boʻlgan.
Bloklangan xizmatlar roʻyxati kengayib, endi Reddit, LinkedIn, Facebook va Instagram ham mamlakat hududida mavjud emas. Shu bilan birga, Telegram 4-sentabrga qadar zarur hujjatlarni topshirishga ulgurdi va hozirda ularni hukumat koʻrib chiqmoqda.
Nepal Oliy sudi ilgari barcha internet-platformalarni roʻyxatdan oʻtkazish va tarmoqdagi nomaqbul kontentni kuzatishni majburiy qiluvchi koʻrsatma bergan edi. Shu sababli TikTok va Viber kabi xizmatlar oʻz vaqtida talablarni bajargani uchun faoliyatini davom ettirmoqda.
Ammo hukumat qarori mamlakat ichida keskin bahslarga sabab boʻldi. Muxolifat vakillari ijtimoiy tarmoqlarning toʻsib qoʻyilishi jamiyatda tartibsizliklarga olib kelishi mumkinligini taʼkidlamoqda.
«Tartibga solish zarur, biroq hukumat avval muammo nimada va u qayerda ekanini aniqlashi kerak», — dedi Nepal Kompartiyasi vakili Xit Raj Pandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Rutube oʻzbekistonlik foydalanuvchilarda hech qanday uzilish boʻlmaganini xabar qilgan.