Tramp ayrim davlatlarga boj imtiyozlarini beruvchi farmonni imzoladi

Donald Tramp AQSh bilan savdo kelishuvi tuzgan davlatlarga ayrim tovarlarda bojxona imtiyozlari beruvchi farmonini imzoladi. Bu haqda Oq uy saytida ma’lum qilindi.
Farmonga ko‘ra, 45 dan ortiq mahsulot toifasiga nol boj joriy etiladi. Bunga AQShda yetarli ishlab chiqarilmaydigan yoki umuman mavjud bo‘lmagan mahsulotlar kiradi.
Imtiyozlar qatorida nikkel, oltin, grafit, dori vositalari uchun kimyoviy modda va reagentlar bor. Ular sanoat va farmatsevtika sohalari uchun muhim sanaladi.
Farmon bilan shuningdek, ayrim qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, samolyot qismlari va farmatsevtikada qo‘llaniladigan moddalar uchun ham boj bekor qilinadi.
Trampning ta’kidlashicha, bojlarni kamaytirish qarori mamlakat manfaatlari va savdo hamkorlarining majburiyatlariga bog‘liq bo‘ladi.
Yangi tartib 8-sentabr soat 12:01 dan kuchga kiradi. Bu imtiyozlardan Yaponiya, Yevropa Ittifoqi va AQSh bilan savdo kelishuvi imzolagan boshqa davlatlar foydalana oladi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev va AQSh prezidenti Donald Tramp telefon orqali muloqot qilgani haqida yozgan edi.