Beruniy metrosidagi talabalarning «megaprobka»siga izoh berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent metropolitenida katta tirbandlik kuzatilayotgani haqidagi video tarqaldi. Biroq «Toshkent metropoliteni» DUK bu ma’lumotni rad etdi.
«Video tasvirdagi vaziyat Toshkent metro bekatlarining bugungi kundagi holati emas. Ushbu holat o‘tgan 2024-yilning 16-sentabr sanasida yo‘nalishda yuzaga kelgan qisqa nosozlik sabab yuzaga kelgan va bu xususida zudlik bilan ma’lumot taqdim etilgan edi. Bundan tashqari, hozirgi vaqtda metro bekatlarida bunday holat kuzatilmagan», deyiladi izohda.
Shuningdek, metropoliten rahbariyati ijtimoiy tarmoqlarda ma’lumot joylashtirishda jurnalistik me’yorlarga amal qilish, tashkilot obro‘siga putur yetkazadigan asossiz xabarlarni tarqatmaslikka chaqirdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan yil yakuniga qadar metrolarda kassa operatori lavozimi bekor qilinishi haqida yozgandi.