P. Diddy Tupak Shakur qotilligi bilan bog‘lanmoqda

Amerikalik prodyuser Shon Kombs, ya’ni P. Diddy, yana jiddiy ayblovlar markazida turibdi. Tergov hujjatlarida u 1996-yilda Las-Vegasda otib o‘ldirilgan mashhur reper Tupak Shakurni yo‘q qilish buyurtmachisi sifatida tilga olinmoqda. Bu haqda USA Today nashri ma’lum qildi.
Ish bo‘yicha asosiy guvoh — «Krips» to‘dasining sobiq a’zosi Duyeyn Devis. Unga ko‘ra, Tupak Shakur jangdan keyin Devisning jiyani Orlando Anderson bilan mushtlashib qolgan. Shundan keyin Devis qarindoshini himoya qilish uchun hujum uyushtirgan. Biroq tergovchilar fikricha, shaxsiy adovatdan tashqari moliyaviy manfaat ham bo‘lgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, P. Diddy Shakurni va Death Row Records asoschisi Shug Knightni yo‘q qilish uchun $1 mln taklif qilgan. Devisning so‘zlariga qaraganda, prodyuser bu voqea haqida ochiq gapirib yurgan va hatto hujumda ishlatilgan Cadillac avtomobilini ijaraga olish uchun ham pul to‘lagan.
Tupak Shakur 1996-yil 13-sentabrda Las-Vegasda o‘q otish oqibatida hayotdan ko‘z yumgan. Shu paytgacha P. Diddy bu ish bo‘yicha rasmiy maqomga ega bo‘lmagan va o‘ziga qarshi ayblovlarni qat’iyan rad etib kelgan. Biroq 2024-yilda u boshqa jinoyatlar — zo‘ravonlik va odam savdosi ayblovlari bilan hibsga olingan, unga qarshi 100 dan ortiq da’vo arizasi sudga topshirilgan edi. Sud keyinchalik eng og‘ir ayblovlarni olib tashlagan.
Duyeyn Devis esa Tupakning qotilligi bo‘yicha 2023-yilda rasmiy ravishda ayblangan. Uning ishi bo‘yicha yakuniy hukm hali chiqarilmagan.
P. Diddy so‘nggi yillarda nafaqat musiqadagi faoliyati, balki shov-shuvli hayot tarzi bilan ham ko‘p bora tanqid ostida qolgan. Shu jumladan, uning «oq kechalari» deb atalgan tadbirlari AQShda katta janjallarga sabab bo‘lgandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Amerikalik repper Pi Diddi odam savdosida ayblanib hibsga olingani haqida xabar bergan edi.