Eski turarjoy binolari egasining ruxsatisiz buzilmaydi

eʼlon qilindi
Renovatsiya faqat huquq egalarining ixtiyoriy roziligi asosida amalga oshiriladi
eski uylar
Renovatsiyada majburiylik bo‘lmaydi, xususiy mulk daxlsizligi kafolatlanadi. Foto: Sapura Temirxanova / Kursiv Uzbekistan

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida «Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Qonun loyihasiga ko‘ra, renovatsiya faqat huquq egalarining ixtiyoriy roziligi asosida amalga oshiriladi. Hech kim majburan jalb etilmaydi va fuqarolar sud qarorisiz uy-joyidan mahrum qilinmaydi. Xususiy mulk daxlsizligi davlat tomonidan qat’iy kafolatlanadi.

Bundan tashqari, renovatsiya loyihasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashiga kiritish bilan bir vaqtda «Shaharsozlik renovatsiyasi» elektron platformasi, OAV, rasmiy veb-saytlar va jamoatchilik fikrini aniqlashning boshqa vositalaridan foydalangan holda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilishi shartligi belgilab qo‘yilmoqda.

Renovatsiya jarayonlari zamonaviy uy-joylar, ijtimoiy infratuzilma va hududlarning investitsion jozibadorligini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Bundan avval Toshkent hokimligi poytaxtning olti tumanida rejalashtirilgan renovatsiya ishlari haqida bayonot bergandi. Unga ko‘ra, ta’mirlash toshkentliklarning uy-joylarini yangilashga qaratilgan. Ish faqat avariya darajasi yuqori bo‘lgan binolarda amalga oshirilishi va’da qilingan. Uy-joy fondining holatini baholash uchun ekspertiza o‘tkaziladi. Shahar hokimligi ham renovatsiya ishlari aholining roziligi bilan amalga oshirilishini bildirgan. Ish madaniy yoki me’moriy meros obyektlariga ta’sir qilmaydi. Hokimlik ma’lumotlariga koʻra, poytaxtda qurilgan uylarning xizmat muddati 50 yil.

Shuningdek, CMWP Uzbekistan kompaniyasi 2025-yilning 1-yarim yilligi uchun Toshkentdagi uy-joy bozori holatini o‘rganib chiqqandi. Unga ko‘ra, eski uy-joy fondining yangilanishi bozor rivojiga turtki bermoqda. Masalan, «Sputnik» massivida 409 ta eskirgan uy buzilib, o‘rniga 93 ta 16 qavatli zamonaviy uy qurilishi rejalashtirilgan. Bu esa 13 mingdan ortiq yangi xonadonni tashkil etadi.

Shuningdek